Ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risidagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyiha ko‘p qavatli uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektini ulush kiritish asosida qurish sohasini tartibga solishga qaratilgan bo‘lib, ulushli qurilishlarga fuqarolar mablag‘larini jalb qilish tartibini belgilaydi. Shuningdek, u ulushdorlarning ulushli qurilish obyektlariga mulk huquqi hamda ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni nazarda tutadi.
Ushbu qonunning amal qilishi:
- renovatsiyasi hududlarida quriladigan uy-joylar uchun mulkdor va uchinchi shaxslarning mablag‘larini jalb qilishga;
- ko‘p qavatli uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektini ulushdorlarning mablag‘larini jalb qilmasdan qurishga;
- jismoniy shaxslarning ixtiyoriy birlashmasi asosida tuzilgan uy-joy qurilish kooperativlarining o‘z mablag‘lari hisobidan o‘zlariga tegishli ulushlarga muvofiq ko‘chmas mulk obyektini qurishga;
- ulushdorlarning mablag‘lari qurilish ishlariga jalb etilmasdan ko‘chmas mulk obyektini kelajakda oldi-sotdi qilish bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, ulushli qurilishning yagona qonuniy modeli joriy etiladi. Fuqaro, developer (quruvchi) va banklar ishtirokidagi aniq mexanizm belgilanadi.
Qurilish jarayoniga oid barcha ma‘lumotlar Uy-joy qurilishining yagona axborot tizimida ochiq e‘lon qilinadi. Ulushdorlarning mablag‘lari faqat vakolatli banklarda ochiladigan eskrou hisobvaraqlarida jamlanadi.
Qonunda nazarda tutilmagan usullarda ulushdorlarning mablag‘larini jalb qilish taqiqlanadi. Ulushdorlarga yetkazilgan zarar uchun quruvchi va uning yakuniy benefisiarlari shaxsiy javobgar bo‘ladi.
Noqonuniy mablag‘ jalb qilgan shaxslarga nisbatan javobgarlik belgilanadi. Ulushli qurilish sohasida davlat nazoratining institusional tizimi shakllantiriladi.
Shartnomalar bo‘yicha sifat kafolatlari va aniq muddatlar belgilanadi. Maxsus vakolatli tashkilotlar, muammoli obyektlar, banklar va loyihalarning yagona reyestrlari yuritiladi.
Quruvchi yoki bank to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lganda ularni almashtirish mexanizmi joriy etiladi. Qonun loyihasi yuzasidan muhokamalar 30-dekabrgacha davom etadi.
Eskrou
O‘zbekistonda 1-iyuldan boshlab ulushli qurilishda eskrou-hisobi tizimi joriy etildi. 2026-yildan boshlab ulushli qurilishni faqat eskrou-hisobvaraqlar orqali amalga oshirish mumkin bo‘ladi.
Iyun oyida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov tizim uchun dasturiy ta’minot allaqachon ishlab chiqilgan bo‘lib, sinovdan o‘tkazilayotganini ma’lum qildi. Raqamli platformani yaratish va sinov loyihaga Rossiyaning DOM.RF kompaniyasi jalb qilinganini qayd etdi.
Undan keyin, vazirlik matbuot kotibi Saidnosir Usmonov eskrou tizimini joriy etish uy-joy narxining oshishiga olib kelmasligiga ishontirdi. Yangi tizim qurilishning shaffofligini oshirish va loyihalarning amalga oshirilishi ustidan nazoratni ta’minlashga qaratilgan.
Iyulda O‘zbekiston quruvchilar uyushmasi raisi Mansur Niyozmuhamedov ulushli qurilish sohasida eskrou-hisob raqamlari ommaviy joriy etilgandan so‘ng quruvchilar aylanma mablag‘lar yetishmovchiligiga duch kelishi mumkinligini bildirdi. Yuqori talab saqlanib qolayotgan sharoitda bu bozorda taklif hajmining qisqarishiga va natijada uy-joy narxining oshishiga olib kelishi mumkin.
Niyozmuhamedov developerlarga banklardagi eskrou-hisobda saqlanayotgan ulushdorlarning mablag‘lari hisobidan 0% yoki past foiz stavkasida mablag‘ berishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, quruvchilarda loyihani moliyalashtirish qiymati bo‘yicha xavotirlar bor.
Avvalroq qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov O‘zbekistonda eskrou tizimi ishlab chiqilgan, ammo qonunchilikka o‘zgartirish kiritish talab etilishi haqida aytgandi.
