O‘zbekneftgaz tabiiy gaz qazib olish xarajatlarini imkon qadar qisqartirishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi davlat kompaniyasi matbuot xizmati.
Kompaniya boshqaruvining yangi raisi tabiiy gaz qazib chiqarish va zaxirasini oshirishga mas’ul rahbar va mutaxassislar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda prezident tomonidan “kompaniya faoliyatini tiklash, tabiiy gaz qazib olish hajmini barqarorlashtirish va sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish” bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi ko‘rib chiqildi.
So‘nggi to‘rt yilda gaz qazib olish hajmi 21,7% ga kamaygan. Sababi — strategik rejalashtirishning yetarli emasligi va faqat joriy vazifalarga e’tibor qaratish kutilgan natijalarga erishish imkonini bermagan. Shu bois har bir kon bo‘yicha iqtisodiy samaradorlik va rentabellikni aniqlash zarurligi ta’kidlandi.
“Joriy yilda geologiya-qidiruv va texnik tadbirlarga katta miqdorda mablag‘ ajratilganiga qaramay, qazib olishning o‘sishi kuzatilmayapti, qazib olish sur’atlarining 5−6% ga pasayishi [yiliga] boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, — deyiladi xabarda.
O‘zbekneftgaz gazni qazib oladi va uni keyingi bosqichga tannarxidan past narxda yetkazib beradi. Bu esa kompaniyaning iqtisodiy ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatib, tashqi qarzning oshishiga sabab bo‘lmoqda. Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, qazib olish xarajatlarini iloji boricha qisqartirish orqali kompaniyaning moliyaviy barqarorligini ta’minlash mumkin.
Kelajakda har bir mas’ul shaxsga quduqlarni biriktirish amaliyoti joriy etiladi — har biridan kafolat xati olinadi. Belgilangan ko‘rsatkichlarga rioya qilmagan va loqaydlikka yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish ko‘zda tutilgan.
Davlat kompaniyasi sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish, qazib olishni barqaror rivojlantirish va zaxiralarni ko‘paytirish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.
Dekabr oyi o‘rtalarida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 2026-yilda O‘zbekiston Qoraqalpog‘istondagi yangi konlar hisobiga tabiiy gaz qazib olishning pasayishini to‘xtatishni rejalashtirayotganini aytdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 10 oyida gaz qazib olish hajmi 35,5 mlrd kub metrni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning mos davri bilan solishtirilganda 1,8 mlrd kub metrga, 2023-yildan esa 3,5 mlrd kub metrga kamaygan.
Avvalroq Abdug‘ani Sanginov O‘zbekneftgaz boshqaruvi raisi etib tayinlangani haqida xabar berilgandi.
