Buxoro viloyatining Sofi Oshi milliy taomi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Ushbu maqom Sofi Oshi nomi va uning an‘anaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy jihatdan muhofaza qiladi.
Shuningdek, taomning sifati va haqiqiyligini kafolatlaydi. “Buxoro viloyatining boy gastronomik merosini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.
2023-yilning avgust oyida G‘ijduvon shashlik geografik ko‘rsatkich sifatida vazirlik tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Joriy yil boshida uning qatoriga Samarqand noni ham qo‘shildi.
Joriy yilda Xorazm tuxum baragi, Andijon do‘ppisi hamda So‘qoq somsasi va Samarqand qog‘ozi geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgandi.
