Shavkat Mirziyoyev 24-dekabr kuni Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyatga oxirgi sakkiz yilda viloyatga $3 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilingan, 4 mingta sanoat korxonasi ishga tushirilgan. Sanoat hajmi ikki barobarga oshib, joriy yilda 17,2 trln so‘mga yetishi kutilmoqda. Charm-poyabzal, zargarlik, qurilish materiallari va farmatsevtika kabi yangi tarmoqlar shakllangan.
2025-yilda 126 ming oila kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 9,3%dan 5,6%gacha pasayishi kutilmoqda. To‘palang suv omboridan quvur tortish orqali Sherobod, Boysun, Bandixon, Muzrabot, Oltinsoy, Angor, Jarqo‘rg‘on va Denov tumanlarida yashovchi 2 mln aholining ichimlik suv muammosi to‘liq hal etilgan.
Shunga qaramay, boy tabiiy resurslari va yetarli infratuzilmasi bo‘la turib, Surxondaryo viloyati sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar va turizm sohalarida qator hududlardan ortda qolayotgani qayd etildi. Xususan, viloyatda sanoat ishlab chiqarish hajmi Sirdaryo viloyatiga nisbatan 1,5 karra, Jizzax viloyatidan 1,8 barobar va Xorazm viloyatidan 2 barobar kam.
Meva-sabzavot eksporti ham Samarqand, Toshkent viloyati, Farg‘ona va Xorazm ko‘rsatkichlaridan past. Viloyatdagi qazilma boyliklar $600 mlrdga baholangani, biroq bu salohiyatning hatto 10%i ham ishga solinmagani qayd etildi.
Shu munosabat bilan viloyatni investitsiya, ish o‘rni, aholi daromadi va eksport surʼatlari eng tez o‘sadigan hududga aylantirish vazifasi qo‘yildi.



Yig‘ilishda kelgusi yilda viloyatda aniqlangan 114 ta qazilma konlari zaxirasi asosida yangi loyihalarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi. Kelgusi yilda ushbu konlarda $3,2 mlrdlik 91 ta loyihani boshlash, shundan $2 mlrdlik qismini ishga tushirish rejalari belgilandi.
Shuningdek, drayver loyihalar infratuzilmasiga 175 mlrd so‘m ajratiladi, buning hisobiga 1,2 trln so‘mlik 36 ta loyiha amalga oshirilib, 9 mingta ish o‘rni yaratiladi.
Turizm sohasi muhokama qilinar ekan, viloyatda atigi 47 ta mehmonxona faoliyat yuritayotgani, 4 va 5 yulduzli yoki brend mehmonxonalar mavjud emasligi qayd etildi. Boysun, Sangardak va Omonxona kabi yuqori turistik salohiyatga ega hududlar imkoniyatlarini to‘liq ishga solib, mehmonxonalarning sonini ko‘paytirish, yangi turizm yo‘nalishlari va obyektlarini tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Qishloq xo‘jaligida meva-sabzavot ishlab chiqarishning 60%i Denov, Sherobod, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Muzrabot va Sariosiyo tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelayotgani qayd etildi. Kelgusi yilda Angor, Qiziriq, Termiz, Uzun hamda ixtisoslashgan boshqa tumanlarda ham eksportni ko‘paytirish bo‘yicha aniq loyihalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda Surxondaryo viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi.
Davlat rahbari hududda yo‘llarni taʼmirlash, uy-joy qurish va ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berdi.
Avvalroq prezident Yaponiya ishbilarmonlari bilan hamkorlik yo‘nalishlarini belgilagandi.



