Anorbank’ning asosiy egasi Qahramonjon Olimov kompaniyaning nazorat paketini Niderlandiya firmasiga topshirgan. Bu haqda Korporativ axborot yagona portalida xabar berildi.

Ushbu haftada Anorbank’ning asosiy egasi va kuzatuv kengashi a’zosi Qahramonjon Olimovning ulushi 99,4% dan 49,4% ga tushgani ma’lum bo‘ldi. Ayni paytda tadbirkor Anorbank’ning 395,1 mln dona aksiyasiga egalik qiladi.

Shu bilan birga, 19-dekabr kuni Anorbankning affillangan shaxslari ro‘yxatiga Bekamin B.V. kompaniyasi kiritildi, u 400 mln dona oddiy aksiyalarning nazorat paketini oldi. Kompaniya Niderlandiyada Rotterdam, Weena 695, B7.052, 3013 AM manzilida ro‘yxatdan o‘tgan.

2019-yilda ro‘yxatdan o‘tgan Bekamin B.V. ulushli investitsiyalarni boshqarish va institutsional investorlar bilan ishlashga ixtisoslashgan. Uning tashkiliy-huquqiy shakli xususiy mas’uliyati cheklangan jamiyat (Bv) hisoblanadi.

Anorbank Bekamin B.V.ning bank aksiyadorlari tarkibiga kirishi “xalqaro strategiyani amalga oshirishning muhim bosqichi” ekanligini ma’lum qildi. Bu uzoq muddatli xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, kapital bazasini mustahkamlash va bank faoliyatining shaffofligini oshirish imkoniyatlarini yaratadi.

Anorbank aksiyalarini sotib olish strategik ahamiyatga ega bo‘lib, quyidagi maqsadlarga yo‘naltirilgan:

  • bankning barqaror rivojlanishini ta’minlash va korporativ boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish;
  • bank sektoriga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha davlat siyosatini ro‘yobga chiqarish;
  • kelajakda qo‘shma investitsiya loyihalari va hamkorlikni amalga oshirish uchun zamin yaratish.

“Biz bu qadamlarni Anorbank taraqqiyotidagi muhim bosqich deb hisoblaymiz. Xalqaro investorlarni jalb qilish va mustaqil ekspertlarning ishtiroki kapitalni mustahkamlash, shaffoflikni oshirish hamda mijozlar va hamkorlar uchun mahsulot va xizmatlarni faol rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Bu, shuningdek, xalqaro hamjamiyatning bank strategiyasiga bo‘lgan ishonchini tasdiqlaydi,” — deya ta’kidladi bank rahbariyati.

Qonunchilikka ko‘ra, Anorbank’ning 50% aksiyasi egasi Bekamin B.V. bankning qolgan aksiyalari egalariga o‘zlariga tegishli aksiyalarni donasini 1000 so‘mdan sotishni taklif qilgan. Aksiyadorlarning o‘zlariga tegishli aksiyalarni sotish bo‘yicha murojaat qilish muddati 30 kunni tashkil etadi.

Bankning Qahramonjon Alimovdan tashqari ikkinchi ta’sischisi Kapital Sug‘urta sug‘urta kompaniyasi bo‘lib, u bankning 0,6% aksiyalariga egalik qiladi.

Anorbank aktivlar hajmi bo‘yicha banklar reytingining yuqori yarmiga kiradi — 14,48 trln so‘m, bu bank sektoridagi jami aktivlarning 1,62%idan ko‘prog‘ini tashkil etadi.


Avvalroq Spot Jahon banki O‘zbekistonga $100 mln kredit va $5 mlnlik grant ajratishi haqida yozgandi.