Raqobat qo‘mitasi Toshkent viloyatida xonadonlarni belgilangan muddatda topshirmagan 5 ta qurilish kompaniyasiga nisbatan chora ko‘rdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Hududiy boshqarmaga kelib tushgan murojaatlarda xaridorlar shartnoma bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirganiga qaramay, ayrim quruvchilar xonadonlarni belgilangan muddatlarda topshirmagani qayd etilgan.

Holat “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun talablariga zid deb topildi. Sudga 32 nafar isteʼmolchi manfaatida 11 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni undirish bo‘yicha daʼvolar kiritildi.

Natijada Glamur Gold, Transport Free Group, Lucky Technical, Broccoli Plus va Nur korxonalari 16 nafar isteʼmolchi foydasiga jami 6,7 mlrd so‘mni qaytarish bo‘yicha sud qarorlari chiqarildi.

Qolgan murojaatlar bo‘yicha sud jarayonlari davom etmoqda.

Qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov fuqarolarni uy-joy sotib olishdan oldin obyektni tekshirishga chaqirgandi. Keyinroq vazirlik obyektni qayerdan tekshirish kerakligi yuzasidan tushuntirish berdi.


Avvalroq ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risidagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgandi.