Hyundai Rotem tezyurar yo‘lovchi poyezdlari Janubiy Koreyadan O‘zbekistonga multimodal yetkazib berilmoqda. Bu haqda Temiryo‘lkargo aksiyadorlik jamiyati xabar berdi.

Birinchi tarkib 7 vagondan iborat bo‘lib, mazkur poyezdlarning O‘zbekistonga 2026-yil yanvar-fevral oylarida yetib kelishi rejalashtirilgan. Taʼkidlanishicha, mazkur loyiha oddiy yuk tashish jarayoni emas, balki murakkab va yuqori mas‘uliyatli loyiha logistikasini o‘z ichiga oladi.

To‘liq poyezd tarkiblarini yetkazib berish maxsus yuklash va tushirish texnologiyalari, bir nechta qayta yuklash-ortish punktlari, gabarit va og‘irlik cheklovlari, maxsus avtotransport vositalarini jalb qilish, sug‘urta hamda bojxona jarayonlarini yagona uzviy logistika zanjirida muvofiqlashtirishni talab etadi.

Temiryo‘lkargo yuklarni ishlab chiqaruvchidan yakuniy manzilgacha “eshikdan-eshikkacha” (door-to-door) tamoyili asosida tashishni tashkil etmoqda.

“Kompaniya tomonidan Janubiy Koreya-Xitoy-Qozog‘iston-O‘zbekiston logistika marshruti ishlab chiqilib, dengiz va quruqlik transporti imkoniyatlari uyg‘unlashtirildi”, — deyiladi xabarda.

Bugungi kunda Hyundai Rotem tezyurar yo‘lovchi poyezdlari Xitoyning Tyanszin portiga yetib keldi. U yerda maxsus avtotransport vositalariga yuklangan holda O‘zbekiston tomon harakatlanishni boshladi.

10-dekabr kuni Janubiy Koreyaning Changvon shahridagi Masan portidan O‘zbekistonga yuqori tezlikda harakatlanuvchi Hyundai Rotem poyezdlarining birinchi partiyasi jo‘natildi. Kompaniya 2027-yilgacha qolgan 35 ta vagonni (besh tarkibni) yetkazib berishni rejalashtirmoqda.

Temiryo‘lekspress matbuot kotibi Sanjar Abduxalilovning ma’lum qilishicha, birinchi poyezd 2026-yil boshida kelishi kutilmoqda. Keyin yuqori tezlikdagi poyezd uch oylik dinamik sinovlardan o‘tkaziladi. Birinchi tijorat reysi 2026-yilning ikkinchi choragiga (aprel-iyun) ko‘zda tutilgan.

Yetkazib beriladigan poyezdlar O‘zbekiston sharoitlarini hisobga olgan holda loyihalashtirilgan. Ular o‘ta issiq va qum bo‘ronlari sharoitida barqaror ishlashni ta’minlovchi changdan himoyalovchi tuzilma hamda Koreya standart izidan (1435 mm) kengroq bo‘lgan 1520 mm kenglikdagi yo‘llar uchun mo‘ljallangan aravachalar bilan jihozlangan.

Har bir elektropoyezd yettita vagondan tashkil topgan: beshta ekonom-klass va ikkita biznes-klass. Poyezdning uzunligi 175 metrni, maksimal tezligi soatiga 250 kilometrni tashkil etadi, umumiy sig‘imi esa 389 yo‘lovchi o‘rnidan iborat. Shu bilan birga, Hyundai Rotem tarkiblari Afrosiyob poyezdlariga nisbatan qisqaroq bo‘lsa-da, sig‘imi kengroq hisoblanadi.

Toshkent-Xiva tezyurar poyezdi 2026-yil martidan keyin ishga tushirilishi aytilgandi.


Avvalroq Toshkentdan Samarqand va Buxoroga qo‘shimcha Afrosiyob poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yilgandi.