Banklarda “sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbirlari o‘tkaziladi. Bu haqdagi tegishli nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Hujjatga muvofiq, kredit tashkilotlarida moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilari bilan munosabatlarda belgilangan talablarga rioya etilishi “sirli mijoz” usuli orqali tekshiriladi.

Ushbu nazorat tadbirlari xizmat ko‘rsatish sifati va qonunchilik talablariga amal qilinishiga baho berishga qaratilgan.

Nazorat tadbiri Markaziy bank yoki uning hududiy filiallari masʼul xodimlari tomonidan bevosita joyiga chiqqan holda yoki masofadan turib amalga oshiriladi.

Tadbir kredit tashkilotini oldindan xabardor qilmagan holda amalga oshiriladi.

Uni o‘tkazish uchun Markaziy bank raisining o‘rinbosari yoki Markaziy bank hududiy bosh boshqarmasi boshlig‘ining farmoyishi chiqariladi.

Tadbirni o‘tkazish uchun 3 ish kunigacha, davomli operatsiyalar uchun ushbu operatsiyaning oxirgi kunigacha bo‘lgan muddat belgilanadi.

Nazorat tadbiri yakunlangandan so‘ng, “sirli mijoz” tomonidan dalolatnoma tuziladi.

Bundan avval umra xizmatlari, tibbiyot muassasalari va dorixonalarda xizmat sifati “sirli mijoz” orqali tekshirlishi belgilangandi.


Avvalroq Markaziy bank bir oyda 4 ta bankni jarimaga tortgandi.