Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda murakkab zamonda yoshlarni turli sinovlarga chidamli, vatanparvar insonlar etib tarbiyalash, xalqni yanada birlashtirish va jipslashtirishda o‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi bo‘lgan mahallaning o‘rni va ahamiyati katta ekani ta’kidlandi.
Mamlakatda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlarda ishtirok etganlarning 90%i o‘zini mahalla jamoasining bir qismi deb hisoblashi ham shundan dalolat berishi aytildi. “Mahallaga shu asosda Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usining yuqoriligi ushbu institut, avvalo, ijtimoiy birdamlik manbai ekanini ko‘rsatadi”, — deya qayd etdi davlat rahbari.
“Bugungi kunda jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar bo‘lishi tabiiy. Bu — demokratiyaning birlamchi talabi. Ammo millati, tili va dinidan qat’i nazar, 38 mlnli el-yurtimizni birlashtiradigan ulug‘ bir g‘oya bor. U ham bo‘lsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir. Mana shunday buyuk maqsadga erishishda mahalla tizimining o‘rni va ta’siri beqiyos. Chunki mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi”, — dedi prezident.
Shularni hisobga olib, davlat rahbari 2026-yilni O‘zbekistonda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilishni taklif qildi.
Yangi yilning nomida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun alohida davlat dasturi qabul qilinadi. Unda mamlakatdagi 9 mingdan ziyod mahallani mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish kabi dolzarb masalalar belgilanadi.
“Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etishda hal qiluvchi bosqichga qadam qo‘ymoqdamiz. Bu yo‘ldagi ishlarimiz har bir soha va tarmoqda chuqur transformatsiyani talab qiladi. Maqsadimiz aniq: yaqin yillarda daromadi o‘rtadan yuqori mamlakatlar qatoriga kirish”, — dedi prezident.
Farg‘ona vodiysidan Orolbo‘yigacha, Zarafshon vohasidan Qashqadaryo va Surxondaryogacha, Toshkentdan tortib, Jizzax va Sirdaryogacha — mamlakatning barcha hududlarida har bir fuqaro bugundan boshlab islohotlar natijasini kundalik hayotida yanada ko‘proq his qilishi kerakligi ta’kidlandi.
Shuning uchun, kirib kelayotgan 2026-yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, ta’lim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimini — barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi.
