Avvalroq prezidentning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish yo‘nalishidagi vazifalar belgilab olindi.

Yirik korxonalarga filtr, tozalash inshooti va havoga chiqariladigan zararli moddalar tashlanmalarini monitoring qilish stansiyasi o‘rnatish uchun $100 mlnlik kredit liniyasi ochiladi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 2 mingga yaqin ko‘mir va gazda isitiladigan issiqxona bor. Endi filtrsiz ko‘mirda ishlaydigan qozonxonalardan voz kechiladi. Ular poytaxt atrofidan ko‘chirilib, hamma joyda markazlashgan qozonxonalar orqali isitish yo‘lga qo‘yiladi.

Buning uchun 200 gektardan kam bo‘lmagan agroklasterlar tashkil etiladi, ularning tarkibiga o‘tmoqchi bo‘lgan issiqxonalarga alohida subsidiya beriladi.

Shaharlardagi tirbandliklar odamlar hayotini qiyinlashtirayotgani bilan birga, ekologiyaga ham jiddiy zarar yetkazayotgani qayd etildi. Xorijiy tajriba asosida avtomobillar chiqarayotgan zararli moddalar darajasiga qarab ekologik stikerlar berish tizimi joriy etiladi.

Katta miqdorda zararli moddalar chiqaradigan avtomashinalarning poytaxt va viloyat markazlari hamda shaharlarga kirishi cheklanadi.

Bunday transport vositalarini yangisiga almashtirish yoki ularga filtr o‘rnatish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi.

Eski mashinasini almashtiradiganlarga avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi. Filtr o‘rnatib, zararni kamaytirishga tayyor bo‘lgan haydovchilar uchun xarajatlarining bir qismi bo‘yicha subsidiya ajratiladi.

Poytaxt va yirik shaharlarda jamoat transportini rivojlantirish ustuvor vazifa bo‘ladi. Shahar ko‘chalarida avtobus va taksilar uchun maxsus yo‘laklar ko‘paytiriladi. Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida transport harakatini intellektual svetoforlar orqali boshqarish tizimi joriy etiladi.

Sentabr oyida Ichki ishlar vazirligi 2026-yildan O‘zbekistonda ishlab chiqarilganiga 50 yildan oshgan avtomobillardan foydalanishni taqiqlashga qaratilgan hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ygandi.

Avvalroq noyabrda O‘zbekistonda avtomobillar sotuvi 6% ga oshgani haqida xabar berilgandi. Eng yuqori o‘sish bo‘yicha Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasi yetakchilik qildi.