Distribyutor sifatida tanilgan Xayrullo Shokirovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Idora huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik, juda ko‘p miqdorda sodir etilishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.

Taʼkidlanishicha, 1986-yilda tug‘ilgan Xayrulla Shakirov Instagram, Telegram hamda YouTube‘dagi “Xayrullo Shokirov” nomli profil orqali o‘zini yirik distribyutor va tadbirkor sifatida tanishtirgan.

U go‘yoki chet eldan katta miqdorda anor sharbati va salqin ichimliklar olib kirib, ularni O‘zbekiston hududidagi savdo nuqtalariga yetkazib berish vakolatiga ega ekanligi haqida yolg‘on maʼlumotlar tarqatgan.

Fuqarolarga distribyutorlik orqali topgan daromadidan katta foizlarni vaʼda qilib, aldash yo‘li bilan ularning ishonchiga kirgan va juda ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazgan.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha X.Shakirov gumonlanuvchi sifatida tergovga jalb qilingan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Toshkent shahar IIBB ushbu shaxsning jinoiy harakatlaridan jabr ko‘rganlar yoki holatga oid maʼlumotga ega bo‘lganlarni 71−206−40−99, 71−206−42−52 telefon raqamlari yoki 102 qisqa raqami orqali murojaat qilishga chaqirdi.


Avvalroq joriy yilda kiberjinoyatchilar o‘zbekistonliklarning 1,9 trln so‘m mablag‘larini o‘g‘irlagani haqida xabar berilgandi.