Avvalroq 26-dekabr kuni davlat xaridlarida raqobat va shaffoflikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, davlat organlarida xizmat avtotransport vositalarining xarid qilinishi yuzasidan nazorat kuchaytiriladi. Bu bo‘yicha Hisob palatasi va Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasiga tegishli vazifalar yuklatildi.

Ular uch oy ichida Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda davlat boshqaruvi va mahalliy hokimiyati organlari foydalanishida bo‘lgan xizmat avtomobillarini xatlovdan o‘tkazishi kerak.

Xatlov natijalari asosida belgilangan me’yorlardan ortiq bo‘lgan xizmat avtomobillari tegishli tartibda sotuvga chiqariladi. Amalga oshirilgan ishlar haqida esa 2026-yilning 1-iyunigacha Prezident Administratsiyasiga axborot kiritilishi zarur.

Bundan tashqari, davlat buyurtmachilari kesimida avtomobillar xaridi ustidan doimiy ravishda nazorat o‘rnatilishini ta’minlab borish belgilandi.

Joriy yilning mart oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev rasmiylarga xizmat transportida yurishni keskin qisqartirib, mamlakatda ishlab chiqarilgan avtomobil va mebelga o‘tish bo‘yicha ko‘rsatma bergandi.

Bir necha kundan keyin esa bosh vazir Abdulla Aripov barcha amaldorlarga xorijiy xizmat mashinalaridan foydalanishni to‘xtatishni topshirdi, uning o‘zi esa xizmat avtomobilini Mercedes-Benz'dan Malibu’ga o‘zgartirdi.

Avvalroq ko‘p zararli modda chiqaradigan avtomobillarning Toshkentga kirishi cheklanishi haqida xabar berilgandi. Eski avtomobilini yangilayotganlar uchun avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi, filtr o‘rnatib zararli chiqindilarni kamaytirishga tayyor haydovchilarga esa xarajatlarining bir qismi subsidiya qilinadi.