Prezidentning 2026−2028-yillarda O‘zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Hujjat bilan dasturning asosiy ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Jumladan, qurilish obyektlarini loyihalashda “yashil” texnologiyalar keng joriy qilinadi.

Budjet tashkilotlaridagi budjetdan tashqari jamg‘armalarning 3,4 trln so‘m mablag‘laridan samarali foydalaniladi.

Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlari binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va obodonlashtirish ishlariga 150 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Dastur doirasida yangidan boshlanadigan obyektlarni loyihalashtirishda energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalaridan foydalanish inobatga olinishi shart.

Shuningdek, ekologik toza va energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan qurilish materiallaridan foydalanish ham nazarda tutilishi kerak.

Agar ushbu talablar hisobga olinmasa, loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishga ruxsat berilmaydi.

2026-yildan loyiha qiymati BHMning 6 ming baravaridan (2,47 mlrd so‘m) yuqori budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan amalga oshiriladigan qurilish-taʼmirlash loyihalari dastur doirasida qamrab olinadi.


Avvalroq ulushli qurilishga fuqarolar mablag‘larini jalb qilishning yagona modeli joriy etilishi belgilangandi.