Germaniyada Alisher Usmonovga nisbatan ochilgan ikkinchi tergov to‘xtatildi, deya xabar bermoqda Berliner Zeitung nashri.
Myunxenda Usmonovga nisbatan sanksiyalarni buzganlik aybloviga ko‘ra olib borilgan tergov 10 mln yevro miqdoridagi jarima to‘langanidan so‘ng tugatildi.
Tadbirkorning vakili barcha summaning to‘lanishi tasdiqlanganini ma’lum qildi. 8,5 mln yevro miqdoridagi mablag‘ Bavariya davlat xazinasiga o‘tkaziladi.
Qolgan 1,5 mln yevro esa Bavariya jabrlanganlarga yordam jamg‘armasi hamda Bavariya davlat mahbuslar farovonligini ta’minlash uyushmasi va probasiya xizmati o‘rtasida taqsimlanadi.
Tergov ishining to‘xtatilishiga nafaqat yuqori sud instansiyalarida hal qilinmagan ko‘plab huquqiy masalalar, balki ayrim qonunbuzarliklar faqat rasmiyatchilikka taalluqli ekanligi ham sabab bo‘lgan.
Usmonovga qo‘yilgan ayblovlar 2022-yil fevral oyi oxirida unga nisbatan sanksiyalar joriy etilganidan keyin, bir necha oy mobaynida Bavariyaning Rottax-Egern shahrida joylashgan ikkita ko‘chmas mulkni nazorat qilish uchun taxminan 1,5 mln yevro miqdorida mablag‘ o‘tkazgani haqidagi shubhalar bilan bog‘liq edi.
Bundan tashqari, u sanksiyalar shartlariga xilof ravishda zargarlik buyumlari, san’at asarlari va qimmatbaho sharoblar kabi qimmatli narsalar to‘g‘risida tegishli idoralarga o‘z vaqtida ma’lumot bermaganlikda ham ayblandi.
Noyabr oyida Alisher Usmonov Germaniya sudida g‘alaba qozongani haqida xabar berilgandi. Gamburg sudida Usmonov Facebook’dagi da’voni rad etdi va bu 2022-yilda singlisi Narziyevaga qarshi sanksiyalarga asos bo‘lgan ayblovlarni bekor qiladi.
Avvalroq Yevropa Ittifoqi sudi Alisher Usmonovning Yevropa sanksiyalarini bekor qilish haqidagi da’vosini yana rad etgani haqida xabar berilgandi.
