O‘zbekistonda yetim bolalar uchun $500lik omonatlar ochildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, bolalarga yangi yil sovg‘alariga qo‘shimcha ravishda depozit hisob raqamlarini ochish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

0 dan 17 yoshgacha bo‘lgan 8 ming nafardan ortiq yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun omonatlar ochilib, ularning har biriga davlat tomonidan $500 miqdorida mablag‘ joylashtirildi.

Bu mablag‘lar yildan-yilga kapitalizatsiya hisobiga jamg‘arilib boriladi, bola 18 yoshga to‘lgach, ushbu mablag‘lardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, 9 yoshdan yuqori bo‘lgan bolalar va ularning qonuniy vakillariga ijtimoiy kartalar berildi. Ular orqali jamoat transportidan imtiyozli foydalanish, xarid va xizmatlar uchun to‘lov qilish, shaxsni tasdiqlash hamda ijtimoiy yordam va xizmatlarni olish huquqini tasdiqlash mumkin.

Bu kabi qo‘llab-quvvatlash davlat g‘amxo‘rligiga alohida muhtoj bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan. Jumladan:

  • mahallalardagi yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;
  • mehribonlik uylari, oilaviy va kichik hajmli bolalar uylari hamda SOS bolalar qishloqlari tarbiyalanuvchilari;
  • ota-onalari chegarani himoya qilishda halok bo‘lgan bolalar;
  • Taskin bolalar xospisi huzuridagi bolalar onkologiya shifoxonasida davolanayotgan bolalar.

Taskin bolalar xospisida davolanayotgan bolalar uchun depozit hisob raqamidagi mablag‘lar zaruratga ko‘ra va qonuniy vakillar murojaati asosida istalgan vaqtda bank kartasiga o‘tkazilishi mumkin.


Avvalroq ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun yangi qo‘llab-quvvatlash tartiblari joriy etilishi belgilangandi.