2025-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti qulay tashqi sharoitlar tufayli sezilarli darajada o‘sdi. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 9 oy yakuniga YaIM 7,6% ga oshib, 1,3 kvadrln so‘mdan oshdi. Yil yakunida o‘sish 7% dan yuqori va YIM $145 mlrddan oshishi kutilmoqda.
Inflyatsiya yanvar-noyabr oylarida 7,5% ga teng bo‘lib, 2024-yilning shu davriga nisbatan (11,1%) sezilarli pastlashdi. Yil oxirida Markaziy bank inflyatsiya 7,3% atrofida bo‘lishini kutmoqda.
O‘zbek so‘mi yil boshidan beri dollarga nisbatan 7% dan ko‘proqqa mustahkamlandi. Fevralda dollar kursi 13 ming so‘mdan oshdi, keyin asta-sekin pasaydi va noyabr oxirida 11 900 so‘mdan past bo‘ldi. Dekabrda kurs 12 ming so‘m atrofida barqarorlandi.
Oltin narxi rekord darajada oshganligi sababli O‘zbekistonning xalqaro aktivlari birinchi marta $61 mlrddan oshdi, Markaziy bankning oltin zaxiralari $50 mlrddan yuqori darajaga yetdi. Shuningdek, regulyator zaxiralarni diversifikatsiya qilib, qimmatli qog‘ozlar xaridini $1,52 mlrdga yetkazdi.
Spot ekspert Yuliy Yusupov bilan kechiktirilgan islohotlar, iqtisodiy o‘sishning tezlashishi, inflyatsiyaning sekinlashishi, so‘mning kuchayishi oqibatlari, JSTga a’zo bo‘lishdagi qiyinchiliklar va 2026-yilga bo‘lgan kutilmalar haqida fikr bildirdi.
2025-yil O‘zbekiston uchun qanday bo‘ldi? O‘tgan yilgi suhbatimizda bildirilgan umid va xavotirlaringiz qanchalik o‘zini oqladi?
Umidlar, avvalo, iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan asosiy islohotlarni o‘tkazish bilan bog‘liq edi. Shuningdek, JSTga a’zo bo‘lish jarayoni bu o‘zgarishlarga turtki berishiga ishonilgandi. Xavotirlar esa islohotlar yo amalga oshmasligi, yo qisman o‘tkazilishi bilan bog‘liq edi. Gap qishloq xo‘jaligi, energetika, tashqi savdoni erkinlashtirish, ma’muriy islohotlar, xususiylashtirish va biznes uchun to‘siqlarni yo‘qotish haqida borardi.
Qishloq xo‘jaligi va energetika sohasida sezilarli o‘zgarishlar bo‘lmadi. Energetikadagi islohotlar faqat tariflarni oshirish bilan cheklandi — elektr energiyasining erkin bozorini yaratish va elektr stansiyalarini xususiylashtirish kelajakka qoldirildi.
Qishloq xo‘jaligida fermerlarga klaster tanlash va ortiqcha paxtani sotish bo‘yicha ozgina yengilliklar berildi, xolos. Bu esa vaziyatni tubdan o‘zgartirmaydi. Fermerlar davlat buyurtmasini bajarishda davom etmoqdalar, garchi u endi boshqacha nom bilan atalsa ham.
Xususiylashtirish katta o‘zgarishlar keltirmadi. Jarayon shaffof emas, banklarni xususiylashtirish rejalari esa shaffof korporativ hisobot va aniq o‘yin qoidalari yo‘qligi sababli hali ham amalga oshirilmayapti. Hatto strategik hamkorlar ham tizim tushunarli va shaffof bo‘lgandagina banklarga qiziqish bildiradilar.
Tashqi iqtisodiy faoliyat uchun ma’muriy to‘siq va g‘ovlar deyarli o‘zgarmadi. Faqat texnik to‘siqlar, sertifikatlash va ruxsat berish tartib-qoidalari bilan bog‘liq masalalarda ozgina yengillik sezilmoqda. Bahorda prezident muammolarni va ularni hal qilish zarurligini ta’kidlagan bo‘lsa-da, haqiqiy o‘zgarishlar hali kam.
Ijobiy misol sifatida uzoq yillar davomida elektromobillarni chiqindilarga tekshirgan ekologik sertifikatning bekor qilinishini keltirish mumkin. Nihoyat, u bekor qilindi. Shuningdek, 1600 ga yaqin veterinariya nazorati sertifikatlari ham bekor qilindi. Ammo sertifikatlash tizimi hali ham muammoli: amaldorlar o‘zgarishlarga qarshilik ko‘rsatmoqdalar.
JSTga a’zo bo‘lish munosabati bilan bojxona to‘lovlarini kamaytirish bo‘yicha umidlar hali o‘zini oqlamadi. Ma’muriy islohot, aslida, amalga oshirilmayapti — davlat o‘zini qisqartirishni yoki iqtisodiyotdan chiqishni xohlamayapti.
Davlat xarajatlari va qarz olishni qisqartirish ham sodir bo‘lmadi. Ochiq va yashirin xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 40%idan oshib ketmoqda. Bu esa yuqori qarz va soliq yukini keltirib chiqarmoqda, natijada xususiy sektorning rivojlanishiga to‘sqinlik qilib, mahsulotlarni raqobatga bardosh bera olmaydigan darajaga olib kelmoqda.
Davlat qarzi, shu jumladan davlat kompaniyalarining qarzlari ham o‘sib bormoqda. Bu esa ichki bozorda soliq va foiz stavkalarini oshirib, iqtisodiyotdan resurslarni tortib olmoqda.
2025-yilning 9 oyida O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,6%ga o‘sdi. Yil yakuniga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi 7−7,5% darajasida o‘sishni kutmoqda, bu dastlabki 6%lik prognozdan ancha yuqori. Sizningcha, rivojlanish sur’atlarining bunday tezlashishi nimaga bog‘liq?
O‘sish sur’atlari haqiqatan ham yuqori, biroq bu hali O‘zbekistonga tarixan maqbul muddatda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulotning o‘rtacha jahon darajasiga erishish imkonini beradigan tub burilish uchun yetarli emas.
Nisbatan yuqori sur’atlarning sababini men uchta deb hisoblayman. Birinchisi — 2017−2019 yillardagi islohotlar turtki bo‘ldi, u xususiy biznesni ko‘plab to‘siqlardan ozod etdi va bu turtki sabab u rivojlanishda davom etmoqda.
Ikkinchisi — davlat investitsiyalari hamda imtiyozli kreditlar, soliq yengilliklar va subsidiyalar ostidagi sarmoyalar. Bu o‘sishni tezlashtiradi, ayniqsa qurilishda, ammo bunday o‘sish doim ham sifatli bo‘lavermaydi: davlat investitsiyalari tabiatan samarasiz, imtiyozli xususiy sarmoyalar esa ko‘pincha barqaror bo‘lmaydi.
Uchinchisi — eksportning o‘sishi. Bu asosan oltin narxi va sotish hajmining oshishi bilan bog‘liq. Xizmatlar, eng avvalo, sayyohlik xizmatlari eksportining o‘sishi yanada ijobiyroq omil hisoblanadi. Turizm sohasi yaxshi o‘sish ko‘rsatmoqda, uni yil oxiriga kelib taxminan bir yarim baravarga oshirish mumkin. Bu yaxshi, sifatli o‘sish bo‘lib, quvonishga arziydi.
Avgust oyida prezident to‘qimachilik klasterlarini 7 trln so‘mlik keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlash choralarini e’lon qilgandi. Paxta yetishtiruvchilarga subsidiyalar berish, matolarga bojlarni bekor qilish, ijtimoiy soliqni 1%gacha kamaytirish, eski qarzlar bo‘yicha penyalarni hisobdan chiqarish shular jumlasidandir. Biroq, to‘qimachilik eksporti pasayishda davom etmoqda. Nima uchun imtiyozlarga qaramay, soha bir necha yildan beri inqirozda?
To‘qimachilik mahsulotlari eksportining qisqarishi, birinchidan, jahon bozorida paxta narxining pasayishi bilan bog‘liq. Nazariy jihatdan bu mahsulot tannarxini pasaytirishi va sotuvni oshirishi kerak edi, lekin bizda bozor iqtisodiyoti yo‘q, ayniqsa to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligida. To‘qimachilar ilgari ustunlikka ega edi — paxtani jahon narxidan arzonroq xarid qilardi, chunki fermerlar klasterlarga biriktirilgan va paxtani qat’iy belgilangan narxda topshirishga majbur. Hozir, jahon narxi tushib ketganda, bu ustunlik yo‘qolib bormoqda.
Ikkinchidan, dollarning so‘mga nisbatan qiymati tushdi, ko‘pchilik to‘qimachilar shu valyutada ishlaydi. Dollarga eksport savdosi endi so‘mda kamroq daromad keltirmoqda, bu esa foyda miqdorini pasaytiradi. Shartnomalar ko‘pincha dollarda tuziladi, hatto tovar Yevropa yoki Turkiyaga jo‘natilsa ham, shuning uchun kursning pasayishi daromadga katta ta’sir ko‘rsatadi.
Asosiy xulosalar: agrar islohotning yo‘qligi va dollar kursining pasayishi to‘qimachilikni tashqi bozorlarda raqobatbardosh qilmayapti. Bu mening fikrimni yaqqol tasdiqlaydi: bozorga zid usullar bilan barqaror tarmoq yaratib bo‘lmaydi. Bu qisqa muddatda ishlaydi, ammo uzoq muddatda bozor hamma narsani o‘z o‘rniga qo‘yadi.
Yaqinda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston o‘rtachadan yuqori daromadli mamlakatlar safiga rejalashtirilgandan oldin kirishini ma’lum qildi. 2030-yilga kelib yalpi ichki mahsulotni $200 mlrd dollarga, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YIM ko‘rsatkichini esa $5000 ga yetkazish mo‘ljallanmoqda. Hukumatning bu optimistik qarashiga qo‘shilasizmi?
2030-yilga kelib aholi jon boshiga $5000 — bu aslida “o‘rtachadan yuqori” daromad emas. Dunyoda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YIM o‘rtacha $12 ming atrofida bo‘lib, biz bu ko‘rsatkichga yetishimizga hali ancha bor.
2030-yilgacha $5000 ga erisha olamizmi? Bu juda shartli ko‘rsatkich. Hamma narsa dollar kursiga bog‘liq. Bu yil dollar so‘mga nisbatan qadrsizlandi va YIM dollar hisobida o‘sdi. Ammo bu aholining real daromadlari shunga mutanosib ravishda oshdi degani emas.
Demak, $5000 raqami haqiqiy iqtisodiy o‘sish haqida ko‘p narsa anglatmaydi. Dollar qadri tushsa, biz bu ko‘rsatkichga oldinroq ham erishishimiz mumkin, lekin bu iqtisodiy qudratni emas, balki valyuta tebranishlarini aks ettiradi.
2025-yilda dollar kursi uzoq vaqtdan beri birinchi marta nafaqat ko‘tarilmadi, balki sezilarli darajada pasaydi ham. Milliy valyutaning mustahkamlanishi nimaga bog‘liq? Bu narxlarga qanday ta’sir ko‘rsatdi va natijada kim yutdi: iste’molchilar, byudjet, importchilar yoki ishlab chiqaruvchilar/eksportchilarmi?
Nominal va real mustahkamlanishni farqlash muhim. Nominal jihatdan so‘m hech qachon bunday mustahkamlanmagan — odatda u dollar, yevro, yuan, iyena va funtga nisbatan qadrsizlanib borgan. Pasayishning asosiy sababi — ilgari so‘mni qadrsizlantirgan yuqori inflyatsiya edi.
2025-yilda so‘m nafaqat dollarga nisbatan, balki iyena, yuan va hatto funtga nisbatan ham mustahkamlandi. Yevro va rubl bilan vaziyat turlicha bo‘ldi — yevro 4,5%ga, rubl esa 14%ga qimmatlashdi.
Kursning real mustahkamlanishi ichki inflyatsiya o‘sishi kurs o‘zgarishidan ortda qolayotganini anglatadi. 2025-yilda so‘m ayniqsa kuchli mustahkamlandi, garchi ilgari ham nominal jihatdan o‘sib borgan bo‘lsa-da.
Asosiy omillar:
- Oltin narxining ko‘tarilishi. Yil boshida bir unsiya $2500−2600 turgan bo‘lsa, yil oxiriga kelib $4500 ga yetdi. Oltin eksporti 10 oy ichida 53%ga o‘sib, endi tovar eksportining deyarli yarmini — 49,3%ni tashkil etmoqda.
- Sayyohlik xizmatlarining o‘sishi. Qiymat jihatidan olganda, sayyohlik sohasi taxminan bir yarim baravar o‘sib, oltindan keyingi ikkinchi o‘rinni egalladi.
- Meva-sabzavot va uran eksporti, mehnat muhojirlarining daromadlari, hukumat va davlat kompaniyalarining tashqi qarzlari — bularning barchasi valyuta oqimini ta’minlab, kursni mustahkamlamoqda.
Kurs mustahkamlanishidan kim yutdi, kim yutqazdi?
Iste’molchilar yutdi. Import tovarlar biroz arzonlashdi, garchi yevro va rubl nominal jihatdan qimmatlashgan bo‘lsa-da. Import narxlarining o‘sish sur’ati umumiy inflyatsiyadan past bo‘ldi.
Valyutada qarz olganlar yutdi. Dollar kursining tushishi kredit to‘lovlarini yengillashtirdi. Davlat ham tejamkorlikka erishdi — ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, taxminan 1,3 trln so‘m.
Import bilan raqobatlashayotgan eksportchilar va mahalliy ishlab chiqaruvchilar yutqazdi. Kursning haqiqiy mustahkamlanishi eksportni kamroq foydali, ichki bozor tovarlarini esa importga nisbatan qimmatroq qildi.
Dollarning so‘mga nisbatan qadrsizlanishi ikki omilga bog‘liq ekanini tushunish muhim: so‘mning ichki mustahkamlanishi va dollarning boshqa valyutalarga nisbatan umumiy pasayishi.
Ikkinchisi jahon iqtisodiyotidagi beqarorlik va Tramp siyosati bilan bog‘liq bo‘lib, bu ham oltinga bo‘lgan talabni oshirdi.
Xulosa: so‘mning dollarga nisbatan mustahkamlanishining asosiy sababi “Tramp omili” va oltin narxining oshishi bo‘lib, ular birgalikda joriy kursni shakllantirdi.
O‘tayotgan yilning qaysi voqeasini asosiy “g‘alaba”, qaysi birini asosiy “mag‘lubiyat” deb atagan bo‘lardingiz?
Ulkan g‘alabalar yo‘q, ammo biznes uchun to‘siqlarning kamayganini ta’kidlash mumkin. Masalan, yil oxirida veterinariya xizmatining 1600 ga yaqin sertifikati bekor qilindi. Ma’muriy bosimni kamaytirish uchun boshqa qadamlar ham qo‘yildi — bu muhim, chunki biznes ko‘pincha amaldorlar uchun ma’nosiz tartib-qoidalarga resurslarini sarflaydi.
Tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirishni ham alohida ta’kidlash joiz. Noyabr oyida prezident eng qulay sharoit rejimiga ega bo‘lmagan mamlakatlardan import qilish uchun bojxona to‘lovlarini kamaytirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Ilgari tovarning kelib chiqishini aniqlash imkoni bo‘lmasa, bojlar ikki baravar oshirilgan bo‘lsa, endi stavkalar 5−15%gacha tushirildi.
Moliyaviy sektorda ham ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi: islomiy moliyalashtirish va mikrokreditlash sohasida me’yoriy bazadagi ko‘plab to‘siqlar bartaraf etildi.
Asosiy mag‘lubiyat — qilinmay qolgan ishlar. Hayotiy zarur islohotlar: agrar, energetika, ma’muriy islohotlar amalga oshirilmadi. Tashqi savdo to‘liq erkinlashtirilmadi. Bu borada yana bir yil boy berildi.
Yillik inflyatsiya 2025-yilda yanvar oyidagi 10%dan dekabrga kelib 7,5%gacha, asosiy inflyatsiya esa 6,3%gacha pasaydi. Sekinlashishning asosiy sabablari nimada va u tovarlar hamda xizmatlar bo‘yicha qanchalik teng taqsimlangan?
5%lik maqsad uzoq vaqtdan beri qo‘yilgan va u doimiy ravishda kechiktirilmoqda. Demak, inflyatsiyaning 7−7,5%gacha pasayishi faxrlanish uchun sabab emas.
Sekinlashish sabablari: qat’iyroq pul-kredit siyosati, pul chiqarishni cheklash va ehtimol, ilgari inflyatsiyani qo‘llab-quvvatlagan imtiyozli kreditlarni qisqartirish.
Markaziy bank 2027-yilgacha 5%lik maqsadli ko‘rsatkichga erishishni rejalashtirmoqda. Inflyatsiyaning sekinlashuvi qanchalik barqaror va muddatlar kechikishi xavfi bormi?
Tashqi omillar — oziq-ovqat va energiya narxlari sezilarli ta’sir ko‘rsatmadi. Asosiy ichki xavflar quyidagilar:
- Energetika sohasini “erkinlashtirish” — aslida islohotlarsiz iste’molchilar uchun tariflarning oshirilishidir.
- Import dori-darmonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalarining qattiqlashtirilishi va tibbiyot muassasalari uchun QQSning joriy etilishi tibbiy xizmatlar qiymatini oshirdi.
- Pul emissiyasi orqali qisman moliyalashtiriladigan budjet taqchilligi inflyatsiyani kuchaytiruvchi jiddiy omil bo‘lib qolmoqda.
Joriy yilda tartibga soluvchi organ kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalarini oshkor etishni boshladi, mikroqarzlar bo‘yicha ortiqcha to‘lovlarni chekladi va jismoniy shaxslar bilan munosabatlarda banklarga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirdi. Nega Markaziy bank aholining qarz yuki haqida shunchalik tashvishlanmoqda? Tizimli qarzdorlikning haqiqiy xavflari mavjudmi?
Ha, xavf-xatarlar bor. Aholi xavfsiz iste’mol kreditlaridan foydalanishga o‘rganmagan va tajribasi yo‘q. Odamlar ko‘pincha ko‘tara olmaydigan qarzlarga botadi, bu esa ijtimoiy keskinlikni kuchaytiradi va bank barqarorligiga tahdid soladi. Markaziy bank bu borada haqli — cheklovlar zarur.
Bundan tashqari, kartalar, hisob raqamlari va boshqalarning pasportlari bilan bog‘liq firibgarlik holatlari ko‘p uchragandi. Bu ham ijtimoiy, ham moliyaviy barqarorlikka tahdiddir. Inflyatsiya sekinlashganiga qaramay, mart oyida Markaziy bank asosiy stavkani 14%gacha ko‘tardi. Bunday qat’iy siyosat qanchalik asosli? 2026-yilda kursning yumshashi va stavkaning pasayishini kutmoqdamisiz?
Bizda klassik “qayta moliyalash stavkasi” yo‘q, hisob stavkasi mavjud — bu ko‘proq imtiyozli va davlat kreditlari uchun ko‘rsatkichdir. U tijorat kreditlariga deyarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Banklar Markaziy bank mablag‘larini avtomatik ravishda olmaydi, shu sababli stavka inflyatsiyaga bevosita ta’sir etmaydi.
Bu faqat imtiyozli kreditlarga ta’sir qiladi: hisob stavkasini pasaytirish ularni arzonlashtirgan bo‘lardi. Ehtimol, aynan shu sababli Markaziy bank stavkani pasaytirmayotgandir.
Bozor iqtisodiyotiga asoslangan mamlakatlarda Markaziy bank qayta moliyalash stavkasini pasaytiradi, banklar pul oladi va arzon kreditlar beradi, ammo bizda bu tizim ishlamaydi. Nobozor iqtisodiyotida davlat tomonidan tartibga solishning makroiqtisodiy qonuniyatlari va o‘quv mexanizmlari hozircha bizda aksariyat hollarda ishlamayapti!
Markaziy bank mikromoliyaviy bankka birinchi litsenziyani berdi va islomiy moliya to‘g‘risidagi qonun Senatga yuborildi. Bu institutlar O‘zbekistonda ommalashadimi va an’anaviy banklarga haqiqiy raqobat yarata oladimi?
Ha, ommalashadi. Birinchi prezident davrida kredit ittifoqlari qanday ishlaganini eslang — odamlar erkin bozorda banklar kredit bermayotgani uchun u yerga borishardi. Mikromoliyaviy tashkilotlar bu bo‘shliqni to‘ldirib, banklarga raqobat yaratadi.
Islomiy banking ham talabgir bo‘ladi: ko‘pchilik diniy sabablarga ko‘ra foiz bilan ishlashni xohlamaydi. Endi ular moliya tizimida qonuniy ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi, bu esa biznes va O‘zbekiston iqtisodiyotiga turtki beradi.
10 oy ichida tashqi savdo hajmi 21,5%ga ($66,5 mlrd) o‘sdi. Eksport ko‘paymoqda, salbiy saldo esa kamaydi. Bu oltin narxining oshishi natijasimi yoki boshqa omillar, jumladan, import cheklovlari ham ta’sir qildimi?
Sun’iy cheklovlar mavjud, biroq 2025-yilda keskin yangi choralar qo‘llanilmadi. Ayrim to‘siqlar alohida tarmoqlarga ta’sir ko‘rsatdi, ammo import umumiy hisobda dollar ko‘rsatkichida o‘sdi.
So‘m mustahkamlangani va dollar qiymati pasaygani holda import yanada tezroq o‘sishi kutilgan edi. Rasmiy importning bir qismi kontrabanda va norasmiy sxemalar orqali “soya"ga o‘tib ketgan bo‘lishi mumkin.
2025-yil Xitoyning kengayishi bilan ajralib turdi: xitoy kapitali ishtirokidagi 1500 dan ortiq kompaniya ochildi, XXR import bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Bunday qaramlikning xavfi bormi? Xitoyning ta’sirini AQSH, Yevropa va Osiyo mamlakatlari bilan aloqalar orqali muvozanatga keltirishga erishilmoqdami?
Xitoy asosiy tashqi savdo va investitsiya hamkoriga aylandi — bu tabiiy: arzon va raqobatbardosh tovarlar, investorlarning qiziqishi bunga sabab.
Bitta hamkorga qaram bo‘lish xavfli, shu bois investitsiyalar va importni diversifikatsiya qilish muhim. Qayta ishlash, oziq-ovqat va yengil sanoatda xitoylik investorlar mahalliy investorlar kabi faoliyat yuritmoqda — bu xavf tug‘dirmaydi, mahsulotning raqobatbardosh bo‘lishi muhim.
Xatarlar qazib olish sanoati va qishloq xo‘jaligida yuzaga keladi: Xitoy kompaniyalari resurslarga qiziqish bildirmoqda. Davlat rentaning asosiy qismini soliqlar va shartnomalar orqali olishi lozim. Asosiy tahdid — korrupsiya va resurslardan “tekinga” foydalaniladigan hamda ekologik zarar yetkazadigan foyda keltirmaydigan shartnomalardir.
2026-yilga qanday umid va xavotirlaringiz bor? Birinchi navbatda qanday islohotlarni ko‘rishni istaysiz?
Avvalo, agrar va energetik islohotlarni, bank va soliq islohotlarini davom ettirish zarur. Soliq sohasida, masalan, men QQSning tabaqalashtirilgan stavkalarini va foyda solig‘idan voz kechishni taklif qilgan edim. Tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish, pensiya, ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimlarini isloh qilish, biznes uchun ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etishni davom ettirish muhim.
2026-yilning haqiqiy islohotlar yili bo‘lishini istardim, ammo xavotir shundaki, u yana bir bor bunday yil bo‘lmay qolishi mumkin.
Tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2026-yilda O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. Muzokaralar deyarli yakunlandi, ammo hamkorlar shaffoflik va islohotlarni, ayniqsa, alohida kompaniyalarga berilgan imtiyozlar masalasida o‘zgarishlarni talab qilmoqda. Amaldorlar imtiyozlarning bekor qilinishiga qarshilik ko‘rsatmoqda, bu esa JSTga a’zo bo‘lishga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Ko‘rgazmali “mini-keys”: so‘nggi yillarda bir qator tovarlarga — go‘sht, sut mahsulotlari, sabzavotlar, mevalar, shokolad, makaron mahsulotlari va boshqalarga nol darajadagi bojxona boji qo‘llanildi. Bu narxlarni pasaytirdi, bozorlarni qonuniylashtirdi va budjetni saqlab qoldi.
Ammo har dekabrda noaniqlik saqlanib qolmoqda: bojlar uzaytiriladimi? Agar ular keskin bekor qilinsa, narxlar oshadi, “kulrang” import paydo bo‘ladi, korrupsiya va yashirin bozor qayta tiklanadi.
Mening asosiy umidlarim JST bilan bog‘liq: tariflarni pasaytirish, raqobatni cheklaydigan imtiyozlar va subsidiyalarni bekor qilish. Bu iqtisodiyot uchun yaxshi turtki bo‘ladi.
Boshqa bir xavf ham mavjud — oltin eksportiga qaramlik:
- Bozor kon’yunkturasiga bog‘liqlik: narxlar va qazib olish hajmi iqtisodiyotga ta’sir ko‘rsatadi.
- “Golland kasalligi”: xom ashyo eksportining o‘sishi milliy valyuta kursini ko‘taradi, boshqa sohalarning raqobatbardoshligini pasaytiradi.
- Davlat rolining kuchayishi va korrupsiya: oltindan keladigan daromad asosan davlatga tushadi, bu esa amaldorlarning haddan tashqari byurokratlashgan iqtisodiyotga yanada kengayish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bundan tashqari, u korrupsiya uchun qo‘shimcha potensial manba hisoblanadi.
- Islohotlarga intilishning susayishi: davlatning yuqori daromadlari xususiy sektorni rivojlantirishga bo‘lgan rag‘batni kamaytirishi mumkin. Bunday vaziyatda xususiy sektor va raqobatni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishning nima keragi bor? Axir, “shundoq ham hammasi joyida”… Mana shunday oqibatlarga yo‘l qo‘ymaslikni juda-juda istardim.
