Janubiy Koreya hukumati malakasiz ishlar uchun E-9 vizalari bo‘yicha xorijiy fuqarolarni qabul qilish kvotalarini belgiladi. Bu haqda Koreya Bandlik va mehnat vazirligi ma’lum qildi.
2026-yilda ushbu tizim orqali 80 ming nafar chet ellik ishchini jalb etish rejalashtirilgan. O‘zbekiston Migratsiya agentligi qayd etishicha, bu ko‘rsatkich 2025-yil uchun belgilangan kvotadan (130 ming kishi) qariyb 40% ga kam va 2024-yildagi ko‘rsatkichdan (165 ming kishi) ikki baravar past.
E-9 vizasi kvotalarining asosiy qismi — 50 ming nafari — sanoat korxonalariga ajratilgan. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligiga 10 ming, qurilish sohasiga 2 ming, baliqchilik tarmog‘iga 7 ming va xizmat ko‘rsatish sohasiga 1 ming nafar ishchi jalb etiladi.
Bundan tashqari, muayyan sohalarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, 10 ming viza zaxirada qoldiriladi. 2023-yildan beri amal qilib kelgan Koreya kemasozlik kompaniyalari uchun maxsus kvota sanoat uchun belgilangan umumiy kvota bilan birlashtirilib yuboriladi.
Yirik shaharlardan tashqaridagi korxonalar uchun chet ellik ishchilarning cheklangan ulushi shaharlardagi 20% ga nisbatan 30% ni tashkil etadi.
Agar korxona quvvatlarni shahardan qishloqqa ko‘chirsa, zarurat tug‘ilganda istagan miqdorda migrantlarni yollashi mumkin bo‘ladi.
Kvotalarning qisqarishiga sanoat va qurilishda bo‘sh ish o‘rinlarining qisqarishi sabab bo‘ldi. COVID-19 pandemiyasidan keyin migrantlarga bo‘lgan talabning o‘sib borayotgan davri tugadi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Janubiy Koreyada 1,1 mlnga yaqin muhojir ishlaydi. Hukumat xorijliklarni jalb qilishning maqsadga muvofiqligini ta’minlash va ularning malakasini oshirish choralarini ko‘radi, dedi Bandlik va mehnat vaziri o‘rinbosari Kvon Chan-jun.
Avvalroq Spot Janubiy Koreya noqonuniy xorijliklarga jarimasiz mamlakatdan chiqish imkonini bergani haqida yozgandi.
Mamlakatda noqonuniy bo‘lib turgan xorijliklar 2026-yilning 28-fevralgacha ixtiyoriy ravishda chiqib ketishlari mumkin. Bu vaqtda ularga jarima qo‘llanilmaydi, qayta kirish cheklovlari esa bekor qilinadi.
