Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda barpo etilayotgan Yangi O‘zbekiston universiteti va O‘zbekiston Milliy kutubxonasi binolarining qurilishini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi O‘zbekiston universitetining Yangi Toshkentda barpo etilayotgan binolari majmuasining dastlabki qiymati $200 mln bo‘lib, 50 gektar maydonni qamrab oladi.
Loyiha Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi buyurtmasi asosida turkiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Qurilish ishlari Özgüven kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Universitet binolarini 2027-yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Majmua tarkibida 10 ming talabaga mo‘ljallangan 5 ta fakultet, rektorat, ming o‘rindan ortiq joyga ega kutubxona, muzey, ko‘rgazmalar zali, multimedia xonalari barpo etiladi. Shuningdek, talabalar uchun ming o‘rinli sport majmuasi va suzish havzasi, professor-o‘qituvchilar va talabalarga mo‘ljallangan 2 ming o‘rinli yotoqxonalar hamda oshxonalar quriladi.
Ayni paytda qurilish ishlari uch bosqichda olib borilmoqda. Davlat rahbari loyihaning asosiy parametrlari, taʼlim jarayoni uchun yaratiladigan infratuzilma va sharoitlarga alohida eʼtibor qaratdi. Yoshlarning ilmiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishda bunday zamonaviy taʼlim dargohlarining ahamiyati alohida qayd etildi.
“Ushbu universitetda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ta‘lim dasturlari boshqa oliy o‘quv yurtlari uchun andoza bo‘lishi kerak”, — dedi davlat rahbari.
Mutasaddilarga boshqa oliy o‘quv yurtlarini ham shu tarzda ta‘mirlash, jihozlash, ta‘limga ilg‘or texnologiyalarni jalb etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.








Shuningdek, qariyb 4 gektar maydonda O‘zbekiston Milliy kutubxonasining yangi binosini barpo etish ishlari amalga oshirilmoqda. Inshoot milliy meʼmorchilik anʼanalari va zamonaviy arxitektura yechimlarini uyg‘unlashtirgan holda loyihalashtirilgan.
To‘rt qavatli binolarning umumiy maydoni 30 ming kvadrat metrdan ziyod bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 1420 nafar kitobxonga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Kutubxona fondlarini saqlash, hisobga olish, xavfsizligini taʼminlash va sterilizatsiya qilish uchun maxsus yuqori texnologiyali xonalar tashkil etiladi.
Majmua ko‘p funksiyali bo‘lib, xalqaro va milliy yirik kutubxonalarning elektron bazalariga onlayn ulanish imkoni yaratiladi. Ko‘zi ojiz fuqarolar uchun maxsus o‘qish va tadqiqot muhiti yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun 300 o‘rinli kafe, galereya, yengil sport o‘yinlari maydonchalari va dam olish hududlari barpo qilinadi.
Prezident ushbu kutubxona Yangi Toshkentda barpo etilayotgan taʼlim va maʼrifat maskanlarining tizimida muhim o‘rin tutib, yosh avlodning intellektual rivoji uchun mustahkam zamin bo‘lishini taʼkidladi. Ilm-fan va maʼnaviyatga sarmoya kiritgan davlatning iqtisodiy salohiyati ham barqaror va yuqori bo‘lishi qayd etildi.
Zamonaviy kutubxona imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanish uchun xodimlar axborot texnologiyalari va xalqaro standartlarni chuqur o‘zlashtirishi zarurligiga eʼtibor qaratildi.
2024-yilning aprelida Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentning dastlabki binolari qurilishini boshlab bergandi. Xususan, Yangi O‘zbekiston universiteti va Toshkent davlat pedagogika universitetining kampuslari, Milliy kutubxona, Milliy teatr, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi, ijod maktabi hamda Milliy maqom markaziga tamal toshi qo‘yilgan edi.
Avvalroq prezident Yangi Toshkentdagi trigeneratsiya stansiyasi hamda birinchi nimstansiya qurilishi bilan tanishgandi.








