3-mart kuni Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahrining ilk inshootlari qurilishini boshlab berdi.

Xususan, “Yangi O‘zbekiston” universiteti va Toshkent davlat pedagogika universitetining kampuslari, Milliy kutubxona, Milliy teatr, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi, ijod maktabi hamda Milliy maqom markaziga tamal toshi qo‘yildi.

“Yangi shahar qurilishi ilm-fan, ma’naviyat maskanlaridan boshlanayotgani bejiz emas. Bular ma’rifatli jamiyat barpo etish g‘oyamizning asosi va namunasi bo‘ladi”, — dedi davlat rahbari.

Bu yerda birinchilar qatorida Toshkent davlat pedagogika universitetining yangi kampusi barpo etiladi. U 20 ming talabaga mo‘ljallangan o‘quv binolari, 5 ming o‘rinli yotoqxona, 300 o‘rinli bog‘cha, 616 o‘rinli maktab, 588 o‘rinli akademik litsey, sport kompleksi, madaniyat saroyi, amfiteatr va boshqa obyektlarni o‘z ichiga oladi.

Yuqori reytingli xorijiy oliygohlar tajribasi asosida “bog‘cha — maktab — universitet” yaxlitligidagi innovatsion pedagogik klaster tashkil etiladi.

“Yangi O‘zbekiston” universitetida muhandislik, boshqaruv, axborot texnologiyalari, agrotexnologiyalar, gumanitar va tabiiy fanlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

Shaharda 10 ming talabaga mo‘ljallangan o‘quv binolari, 1 150 o‘rinli oshxona, kutubxona va ixcham muzey, sport majmuasi, olimpiya suzish havzasini o‘z ichiga olgan universitet kampusi quriladi. Talabalar uchun 2 ming o‘rinli yotoqxona, professor-o‘qituvchilarga 286 o‘rinli turar joy tashkil etiladi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi uchun bunyod etiladigan yangi majmuaning umumiy maydoni 30 ming metr kvadratni tashkil etib, kutubxona fondida saqlanayotgan 10 mlndan ortiq adabiyotlarni saqlash va bir paytning o‘zida 1 420 nafar kitobxonga xizmat ko‘rsatish sharoitlari yaratiladi.

Yangi Toshkentda xalqaro talablar asosida Milliy teatr binosi barpo etiladi. Unda san’atkor va tomoshabinlar uchun qulay sharoitlar yaratiladi. Kelgusida bino mamlakatdagi barcha teatrlar uchun ijodiy laboratoriya vazifasini bajarishi ta’kidlandi.

Shaharda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, ijod maktabi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini jamlagan ma’naviyat majmuasi ham quriladi.

“Bugun poydevori qo‘yilayotgan maskanlar ko‘p yillar xalqimiz ma’naviyatini boyitish, yoshlarimizni har tomonlama yetuk va barkamol insonlar etib tarbiyalashga xizmat qiladi. Yangi Toshkent shahrining nafaqat yurtimiz, balki mintaqamizda ham chinakam ilm-ma'rifat va madaniyat markaziga aylanishiga katta hissa qo‘shadi, deb ishonaman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident ramziy tugmani bosib, binolar qurilishini boshlab berdi. O‘tgan yilning mart oyida Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishiga tamal toshi qo‘ydi.

Birinchi bosqichda 6 ming gektarda bunyodkorlik qilish rejalashtirilgan. Yangi Toshkent konsepsiyasi va bosh rejasini ishlab chiqish 4 bosqichda amalga oshiriladi.

Tuman administratsiya, iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat kabi 5ta negiz asosida quriladi. 2023-yilning iyul oyida Yangi Toshkent shahrini barpo etish chora-tadbirlari bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.

Joriy yilning martida Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi qariyb 20 ming gektar yer maydonini Yangi Toshkentga o‘tkazishni ma’qulladi. Yuqori Chirchiq (17,3 ming gektar) va O‘rta Chirchiq (2,4 ming gektar) tumanlaridan ajratiladigan Yangi Toshkent tumanining maydoni 19,72 ming gektarni tashkil etadi.