Prezident Yangi Toshkent shahri loyihasi konsepsiyasiga oid taqdimot bilan tanishdi.

Birinchi bosqichda 60 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, davlat idoralari uchun ma’muriy binolar, bog‘lar, ijtimoiy va iqtisodiy obyektlar barpo etilishi rejalashtirilgan.

Bularni loyihalashtirish va barcha ishlarni muvofiqlashtirish uchun direksiya tuzildi. Xorijiy megapolislardagi urbanizatsiya va qurilish tajribasi o‘rganildi.

Shunga muvofiq, Yangi Toshkentni administratsiya, iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat kabi 5 ta negiz asosida qurish mo‘ljallanmoqda.

Bularning har biri tizimdagi bo‘g‘inlar va quyi tashkilotlarni o‘z ichiga oladi.

Loyihada urbanizatsiya yondashuvlari, “aqlli” texnologiyalar qo‘llanilishi ta’kidlangan.

Masalan, “uch-generatsiya” stansiyasi qurilib, ham elektr ishlab chiqariladi, ham binolar qishda isitilib, yozda sovutiladi. Barcha elektr, aloqa tarmoqlari, gaz va suv quvurlari yer tagidan o‘tkaziladi.

Shaharda infratuzilma, turmush va ekologiya mutanosib bo‘ladi. “Toshkentning yashil belbog‘i” loyihasi shu yerdan boshlanadi.

Piyodalar va velosipedchilarning erkin harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Shu maqsadda avtomobillar uchun yer osti turargohlari, 14 ta zamonaviy tunel, Chirchiq va Qorasuv daryolari ustida 7 ta ko‘prik bunyod etiladi.

Prezident inshootlarni ekspluatatsiya va transportlar uchun qulay joylashtirish, yashil hududlar ko‘p bo‘lishiga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

Taqdimotdagi yana bir loyiha Toshkent yerusti metrosining ostida savdo va xizmat shoxobchalarini joylashtirish haqida bo‘ldi.

Xususan, mazkur transport inshootining Yashnobod tumanidagi qismida 4 kilometr bo‘sh joy bor. U yerda yashil hududlar, avtoturargoh, vorkaut maydonchalari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etish mumkin.

Ushbu hududlarni lotlarga ajratgan holda ijaraga berish, xavfsizlikni ta’minlab, aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mart oyi boshida prezident Yangi Toshkent shaharchasi loyihasi bilan tanishgandi. Unga birinchi bosqichda 6 ming gektarda bunyodkorlik qilish rejalashtirilgani ta’kidlangandi.

Shuningdek, Yangi Toshkent konsepsiyasi va bosh rejasini ishlab chiqish 4 bosqichda amalga oshirilishi ma’lum qilindi.

Avvalroq, yil boshida Yangi Toshkentning birinchi bosqich bosh rejasi mamlakat kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilishi ma’lum bo‘lgandi.