Markaziy bank banklarga, shuningdek, nobank tashkilotlarga nisbatan sanksiyalar va boshqa choralarni qo‘llash to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritdi. Adliya vazirligi 2-may kuni regulyator rahbari Timur Ishmetovning tegishli buyrug‘ini ro‘yxatga oldi.
Nizomning amal qilishi so‘nggi yillarda O‘zbekiston qonunchiligiga kiritilgan moliya muassasalarining yangi turlariga ham tatbiq etiladi. Gap mikromoliya banklari, faktoring va kafillik tashkilotlari hamda kredit byurolari haqida bormoqda.
Sanksiyalarni qo‘llash tartibi o‘zgaradi. Xususan, huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori endilikda huquqbuzar tashkilotning moliyaviy holati va uning faoliyat ko‘lamini hisobga olgan holda belgilanadi.
Bundan tashqari, sanksiyalar va boshqa choralarni qo‘llash bilan bog‘liq tartib-taomillarning muddatlari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Markaziy bank tegishli qarordan ko‘chirmani moliya tashkilotiga yoki uning rahbariga 7 ish kuni ichida yuborishi mumkin (hozir — 3 ish kuni).
Agar tashkilot qaror ustidan Apellyatsiya kengashiga shikoyat qilsa, u shikoyatni 15 kun ichida ko‘rib chiqishi kerak. Biroq endi bu muddatni batafsil o‘rganish va tekshirish zarur bo‘lganda yoki qo‘shimcha hujjatlar so‘ralganda 1 oygacha uzaytirishga yo‘l qo‘yiladi.
Ruxsat etilgan ko‘rsatmalar ro‘yxatiga moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquqlarini tiklash bo‘yicha chora-tadbirlar kiritildi. Markaziy bank moliya tashkilotiga qayta hisob-kitob qilish, ortiqcha yoki asossiz undirilgan mablag‘larni qaytarishni buyurishi mumkin.
Shuningdek, regulyator quyidagi hollarda banklar va boshqa tashkilotlarning ayrim operatsiyalarini cheklash huquqiga ega bo‘ladi:
- banklar ustav kapitalining eng kam miqdoriga doir talablar bajarilmaganda;
- kiberxavfsizlik tahdidlarining, shu jumladan bank kartalaridan o‘g‘irliklarning oldini olish va bartaraf etish talablarini buzish.
Markaziy bank bank rahbariyatini jarimaga tortishi mumkin bo‘lgan qoidabuzarliklar ro‘yxati ko‘rsatiladi. Ular orasida:
- qonun hujjatlariga muvofiq bankni tashkil etish, tavakkalchiliklarni boshqarish va ichki nazoratni ta’minlash bo‘yicha vazifalarni bajarmaganlik;
- qonunlarga zid qarorlar qabul qilish yoki ularni qabul qilishga rozilik berish;
- mansab majburiyatlari doirasida qoidabuzarliklarning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rmaganlik;
- qoidabuzarliklar natijasida iste’molchilarga yetkazilgan zararni kamaytirish yoki bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rilmaganligi;
- qoidabuzarliklar va ularning sabablarini yashirishga qaratilgan harakatlar;
- o‘z faoliyatida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yishi.
Markaziy bank o‘z saytida bank rahbarlariga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ularning to‘liq ism-shariflarini ko‘rsatgan holda e’lon qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Avvalroq Spot Markaziy bank mart oyida 180 dan ortiq moliya tashkilotlarini jarimaga tortgani haqida yozgandi.
Yana 17 bank esa normativ talablarga amal qilmagani hamda o‘z faoliyatini qonunchilikka muvofiqlashtirmagani uchun chora va sanksiyalar qo‘llanilishidan ogohlantirildi.