Avvalroq prezident qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida byurokratiyani qisqartirish va nazorat ishlari natijadorligini oshirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Taqdimotda qurilish obyektlarini onlayn nazorat qilish masalasiga alohida e‘tibor qaratildi.

Amaliyotda qurilish obyektlariga kuzatuv kameralarini majburiy o‘rnatish talabi mavjud emas. Shu bois birinchi bosqichda qiymati 3 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan ijtimoiy soha obyektlari, ko‘p qavatli uylar, yirik savdo va sanoat obyektlari, mehmonxona va turizm majmualariga kameralar o‘rnatish taklif etildi.

Bu orqali loyihadan o‘zboshimchalik bilan chetga chiqish holatlarini barvaqt aniqlash, qurilish maydonidagi ishchilar hisobini aniq yuritish, “konvert” usulida maosh to‘lash holatlarining oldini olish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va mehnat xavfsizligini ta‘minlash imkoniyati kengayadi.

Qurilishda texnik va mualliflik nazorati samaradorligini oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

2025-yilda texnik va mualliflik nazoratchilari obyektlarda 42 mingta kamchilikni qayd etgan bo‘lsa, inspektorlar keyinchalik yana 250 mingdan ziyod qoidabuzarlikni aniqlagan. Bu ayrim hollarda nazoratchilar faoliyati yetarlicha samarali tashkil etilmayotganini ko‘rsatadi.

Shu munosabat bilan Shaffof qurilish platformasida texnik va mualliflik nazoratchilarining reestri va reyting tizimini joriy etish taklif qilindi. Ularning faoliyati masofadan monitoring qilinadi, ish yurituv hujjatlari elektron shaklga o‘tkaziladi.

Reyting ko‘rsatkichi past bo‘lgan nazoratchilar qayta o‘qitishga yuboriladi, yaxshi natija ko‘rsatganlarning sertifikat muddati uzaytiriladi.

Qurilish materiallari sifatini nazorat qilishda ham ta‘sirchan mexanizmlar joriy etiladi.

Obyektga kiritilgan har bir qurilish materiali nazorat.mc.uz platformasi orqali elektron ro‘yxatga olinadi, sifatni tasdiqlovchi hujjatlar majburiy ravishda tizimga yuklanadi. Sifatsiz materiallardan foydalangan quruvchilarga nisbatan ma‘muriy javobgarlik belgilash taklif etildi.

Laboratoriya sinovlari bo‘yicha ham yangi yondashuvlar belgilanmoqda. Uzoq hududlardagi qurilish massivlarida sinovlarni o‘z vaqtida o‘tkazish uchun ko‘chma qurilish-sinov laboratoriyalarini tashkil etish taklif qilindi.

Bu obyektlar qamrovini ikki barobar oshirish, sinov natijalarini tezkor aniqlash va standart talablariga rioya etilishini ta‘minlashga xizmat qiladi.

Taqdimotda noqonuniy qurilishlarning oldini olish masalasi ham atroflicha ko‘rib chiqildi. 1-aprel holatiga respublika bo‘yicha 3 791 ta noqonuniy qurilish obyekti aniqlangan.

Shundan 1 933 tasi sanoat zonalari hududiga to‘g‘ri keladi. Ayrim obyektlarda yerga bo‘lgan huquq, loyihalashga ruxsatnoma, kengash yoki ekspertiza xulosalari mavjud emasligi aniqlangan.

Buning oldini olish uchun yerga oid huquq vujudga kelgan vaqtdan boshlab fuqarolar va yuridik shaxslarga qurilish sohasidagi qonun talablari bo‘yicha elektron eslatmalar yuborish, Onlayn mahalla va Shaffof qurilish tizimlarini integratsiya qilish, qonunchilikdagi obyektlarni ruxsatnomasiz qurganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish taklif etildi.

Spot, avvalroq, Golden House bo‘yicha shikoyatlar natijasida fuqarolarga 1,12 mlrd so‘m qayta hisoblangani haqida yozgandi.