Raqobat qo‘mitasi qurilish kompaniyalari faoliyati yuzasidan o‘rganishlar olib bormoqda. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma‘lum qildi.
Qayd etilishicha, 2025−2026-yillarda Golden House Property Group faoliyati bo‘yicha qo‘mitaga jami 74 ta murojaat kelib tushgan.
Ularning 54 tasi bo‘yicha quruvchi va xaridor o‘rtasida kelishuv bitimi imzolangan yoki nizolar sudgacha mediatsiya yo‘li bilan hal etilgan. Shuningdek, iste‘molchilar foydasiga jami 1,12 mlrd so‘m qayta hisob-kitob qilingan.
2025-yilda kompaniya faoliyatidan norozi bo‘lgan 40 nafar fuqaro murojaat qilgan. Ulardan 35 tasi (87%i) ijobiy hal etilgan. Jumladan, 31 ta holatda tomonlar o‘zaro kelishuvga erishgan, yana 4 nafar fuqaro foydasiga 1,12 mlrd so‘m qayta hisoblangan.
2026-yilning birinchi choragida esa 34 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 19 tasi qanoatlantirilgan, 5 ta holat bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Yana 10 ta murojaat yuzasidan vakolatli tashkilotlar xabardor qilingan holda tekshiruv tayinlangan.
Qo‘mita ijtimoiy tarmoqlarda aynan ushbu kompaniya va umuman qurilish sohasi bo‘yicha murojaatlar ko‘payayotgani bir necha bor muhokama qilinganini taʼkidladi.
Shu munosabat bilan Raqobat qo‘mitasi barcha qurilish kompaniyalarini iste‘molchilar bilan shartnoma tuzishda loyihani yakunlash imkoniyatlaridan kelib chiqib, aniq va oqilona muddatlarni belgilashga chaqirdi.
Shuningdek, xaridorlarga qonunchilikda belgilangan huquq va imtiyozlarni cheklamaslik so‘raldi.
Maʼlumot uchun, qo‘mitaga 2023-yilda 19 mingta, 2024-yilda 28 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich qariyb 54 mingtaga yetgan.
O‘tgan yilning oktabrida Raqobat qo‘mitasi Golden House‘ga isteʼmolchilar huquqlarini buzgani uchun ogohlantirish bergandi.
Jumladan, xaridor o‘zi quruvchi bilan shartnomani bekor qilsa, unga 10% jarima qo‘llanishi, agar norozilik bildirib, OAV yoki tegishli idoralarga murojaat qilsa, yana 10% jarima qo‘llashi belgilangani aytilgandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda yirik obyektlar qurilish muddatini 3 yilgacha uzaytirish taklif etilgani haqida yozgandi.