Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 5-may kuni ishlab chiqarish korxonalari faoliyatining barqarorligini oshirish va tadbirkorlarni qiynayotgan muammoli masalalarni hal etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishganini yozgandi.

Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil Abdumannop Bo‘riyev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ikki hafta oldin prezident ishbilarmonlik muhitiga ta’sir ko‘rsatayotgan muammolarni o‘rganish bo‘yicha topshiriq berganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, biznes-ombudsman 15 ta tizimli masalani taqdim etgan va takliflarning aksariyati davlat rahbari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Xususan, peshlavhalarni joylashtirish sohasidagi qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish va soddalashtirish taklif etildi. Masalan, kompaniya nomi yoki faoliyat turini ko‘rsatishni reklamaga kiritmaslik tashabbusi muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Toshkentning dizayn-kodi masalasi, xususan, tadbirkorlik subyektlariga yangi talablarga moslashish uchun ma’lum vaqt berish zarurligi haqida takliflar bildirildi.

“Bu keng ko‘lamli jarayon ekanini, hatto xorijiy tajribani o‘rganganimizda ham birdaniga joriy etilmagani, uni amalga oshirish yillar davom etganini inobatga olib, hurmatli prezident taklifimizni qo‘llab-quvvatladi”, — dedi Abdumannop Bo‘riyev.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi huzuridagi Raqamli transformatsiya va autsorsing markazi direktori o‘rinbosari Lazizbek Toshqulovning aytishicha, prezidentga bir qator biznes toifalari, jumladan, peshlavhalar uchun reklama joyi pasportini olish talabini bekor qilishni nazarda tutuvchi yangi loyiha taqdim etilgan.

Kelgusida tadbirkorlar uchun reklama joyi pasportini rasmiylashtirishda qo‘shimcha yengilliklarni nazarda tutuvchi yangi tartibni bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilmoqda.

Aprel oyi oxirida biznes-ombudsman Toshkentning dizayn-kodini qonunga zidligi sababli qayta ko‘rib chiqishni, bahsli normalarni o‘zgartirishni va hujjatning kuchga kirish muddatini kechiktirishni tavsiya qilgan edi. Shuningdek, hujjatni biznes manfaatlarini hisobga olgan holda takomillashtirish taklif etilmoqda.


Avvalroq Spot endi biznes peshlavhalari reklama sifatida baholanmaydi hamda ruxsatnomalar bekor qilinishi haqida yozgandi.

Shuningdek, reklama va axborot belgilarini joylashtirish bo‘yicha talablarni bosqichma-bosqich qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda.