Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahrining Bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi.

Bugungi kunda Toshkent shahrida yashayotgan va ishlayotgan aholi soni qariyb 5 mln nafarni tashkil qilmoqda. Ko‘plab uy-joylar, muassasalar barpo etilib, infratuzilma tarmoqlariga yuklama ortmoqda.

Shunga qaramay, yana yiliga 20 ming xonadonli uylar, 40dan ortiq maktab, bog‘cha, poliklinika qurishga talab bor. Urbanizatsiya sur’atidan kelib chiqilsa, yaqin yillarda aholi soni yanada ko‘payadi.

Joriy yilning iyul oyida Yangi Toshkent shahrini barpo etish chora-tadbirlari bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, Bosh vazir rahbarligida Yangi Toshkentni barpo etish ishlarini muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi hamda direksiya tashkil etildi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida bu loyihaga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy qilindi.

Loyiha uchun Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 19 720 gektar yer tanlab olingan. Birinchi bosqichda 2,5 ming gektarda 100 ming aholi uchun uy-joylar va infratuzilma obyektlari qurish rejalashtirilgan.

Direksiya tomonidan xorijiy kompaniyalar jalb etilib, rivojlangan mamlakatlarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan amaliyotlar asosida Bosh reja, tarmoq rejalari va manzilli dasturlar ishlab chiqilmoqda. Xususan, Singapurning “Meinhardt”, Buyuk Britaniyaning “Foster and partners” hamda Niderlandiyaning “OMA” kompaniyalari tomonidan amaliy ishlar boshlangan.

“ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasida Bosh reja loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari — “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” direktori hududni infratuzilma bilan ta’minlash, yo‘l va ko‘priklar qurish masalalari, muhandislik, shaharsozlik va arxitektura yechimlari bo‘yicha axborot berdi.

Loyihada yashillik, qulaylik va tejamkorlikka alohida e’tibor qaratilgan, faol iqtisodiyot va ijtimoiy hayot uyg‘unlashtirilgan, transport tarmoqlari poytaxt bilan bog‘langan.

Umuman, Yangi Toshkent “aqlli” va “bog‘ shahar” bo‘lishi nazarda tutilmoqda, deyiladi xabarda. Ma’muriy markazda davlat idoralari, Yangi O‘zbekiston universiteti, kutubxona, tarix muzeyi, madaniyat saroylari joylashadi.

Shuningdek, shaharda ishbilarmonlik va innovatsiya tumanlari, ta’lim, tibbiyot va turizm klasterlari bo‘ladi. 420 gektar maydonda markaziy bog‘, mavzelar orasida sun’iy kanal va ko‘llar, Chirchiq va Qorasuv daryolari bo‘yida sayilgohlar tashkil qilinib, odamlarning dam olishi uchun sharoitlar yaratiladi. “Toshkentning yashil belbog‘i” loyihasi shu joydan boshlanadi.

Bu komponentlar loyihasi Singapur, Angliya, Xitoy, Germaniya, Turkiya, Niderlandiya, Janubiy Koreya, BAA kabi davlatlarning 20ta kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilmoqda. Davlat rahbari infratuzilma tarmoqlarini ilg‘or standartlar bilan uyg‘unlashtirish zarurligini ta’kidladi.

“32 yillik mustaqil tariximizda birinchi marta bunday shahar qurayapmiz, bunga dunyodagi ilg‘or kompaniyalarni jalb qilayapmiz. Lekin bizdagi sohalar, standartlar shunga mosmi”, — deya savol qo‘ydi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari ular yangi loyihalar bilan hamohang bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Shuning uchun qurilish, energetika, kommunal, ekologiya, irrigatsiya, transport kabi hamma tegishli sohalardagi qonunlarni, standartlarni dunyo talablariga muvofiq takomillashtirish zarur.

Prezident Bosh reja asosida yil yakuniga qadar batafsil loyihalash ishlarini yakunlash, birinchi bosqich inshootlari bo‘yicha loyihachi va quruvchi korxonalarni aniqlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

“Nima uchun bu loyihani shoshmasdan, qayta-qayta ko‘ryapmiz? Bu shahar yuz yillab xalqqa xizmat qilishi kerak. Odamlar birinchi o‘rinda bo‘lishi, kelajakdagi qurilishlar ham inobatga olinishi zarur. Birinchi bosqich mukammal qurilsa, maktab bo‘ladi”, — dedi davlat rahbari.

Bo‘lajak binolar va infratuzilma ekspluatatsiyasini hozirdan o‘ylash, bu bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.


Yangi Toshkent loyihasi

2022-yilning oktabr oyida davlat rahbari Toshkentning 2045-yilgacha bo‘lgan Bosh rejasi loyihasi bilan tanishgandi.

Joriy yil boshida Yangi Toshkentning birinchi bosqich bosh rejasi Singapur kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilishi ma’lum bo‘ldi.

Mart oyiga kelib, prezident loyiha bilan tanishib, unda qurilish hududlari, yangi shahar bilan poytaxtni birlashtiruvchi asosiy yo‘llar sxemalari taqdim etildi.

Hududidagi 50 gektar maydonda “Akva park” qurilib, buning uchun $200 mln ajratilishi rejalashtirilmoqda. Avgust oyida AQShning “Legacy Entertainment” kompaniyasi Yangi Toshkentda akvapark va mehmonxona qurish loyihasini ishlab chiqishi haqida xabar berildi.