AQShning “Legacy Entertainment” kompaniyasi Yangi Toshkentda mehmonxona va ko‘ngilochar majmua quradi, deya xabar bermoqda “InterPark” soha nashri.

Xususan, biznesni rivojlantirish kompaniyasi asoschisi va direktori Erik Karnegi bo‘lajak shahar direksiyasi bilan shartnoma imzoladi.

Loyiha mahalliy aholi va qo‘shni davlatlardan keluvchi sayyohlar uchun mo‘ljallangan “jahon darajasidagi integratsiyalashgan kurort"ni yaratishni nazarda tutadi.

Majmua Yangi Toshkent va poytaxt tumanlari o‘rtasida joylashadi. U 35 gektardan iborat akvapark, mavzuli mehmonxona, restoran va ko‘ngilochar maskanlarni o‘z ichiga oladi.

“Bu kabi jahon miqyosidagi ko‘ngilochar loyihalar jamiyatni o‘zgartirishi mumkin. Yangi kurort turizmni rag‘batlantiradi hamda yuzlab, hatto minglab ish o‘rinlarini yaratadi, Toshkent, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo aholisi hayotini o‘zgartiradi”, — deya qayd etgan Karnegi.

Avvalroq Yangi Toshkent shahrini barpo etish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingandi. Hujjat bilan, shaharni barpo etish direksiyasi tashkil etilib, uning huquq va majburiyatlari belgilandi.

Shuningdek, loyihaga Singapurning “Meinhardt”, Buyuk Britaniyaning “Foster and partners” hamda Niderlandiyaning “OMA” kompaniyalari jalb etilgani ta’kidlangandi. Mart oyida “Meinhardt” kompaniyasi bilan Yangi Toshkent shahrining birinchi bosqich bosh rejasi ishlab chiqilishi belgilangandi.

Mart oyiga kelib, prezident Yangi Toshkent shaharchasi loyihasi bilan tanishdi. Unda qurilish hududlari, yangi shahar bilan poytaxtni birlashtiruvchi asosiy yo‘llar sxemalari taqdim etilgandi.

Shaharchada vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash tashkilotlari, teatr, kutubxona, mehmonxonalar, turar joy binolari, bog‘lar o‘rin oladi. Birinchi bosqichda 60 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, davlat idoralari uchun ma’muriy binolar, bog‘lar, ijtimoiy va iqtisodiy obyektlar barpo etilishi rejalashtirilgan.

Legacy Entertainment” ko‘ngilochar va madaniy obyektlar, shuningdek, mehmonxonalar va dam olish maskanlarini loyihalash bilan shug‘ullanadi. Los Anjelesda joylashgan kompaniya Seuldagi “Lotte World”, “Galaxy Macau” kazinosi va Makaodagi “Studio City”, Dubaydagi “Six Flags Park” kabi loyihalar ustida ishlagan.