ChatGPT neyron tarmog‘ini ishlab chiquvchi OpenAI kompaniyasi sun’iy intellekt sohasida xavfsizlik bo‘yicha mutaxassisni ishga olmoqchi, deya xabar berdi kompaniya bosh direktori Sem Altman X ijtimoiy tarmog‘ida.
Uning aniqlik kiritishicha, ekspertning asosiy vazifasi sun’iy intellekt sohasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarni aniqlash, shuningdek, xavf-xatarlarga qarshi kurashish yo‘llarini topish bo‘ladi.
Altmanning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt modellari tez takomillashmoqda va “haqiqiy muammolarni keltirib chiqara boshladi” — xususan, kiberxavfsizlik sohasida.
Mutaxassis kiberxavfsizlik xatarlarini kamaytirishi, biotexnologiyalarni ishlab chiqarish yondashuvlarini yaratishi va o‘zini takomillashtira oladigan tizimlarni ishlab chiqishi kerak. Bundan tashqari, kompaniya xatarlar qatorida chat-botlarning insonlar ruhiy salomatligiga ta’sirini ham ta’kidlab o‘tdi.
“Agar siz dunyoga kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislarni eng yangi imkoniyatlar bilan qanday ta’minlashni va shu bilan birga ulardan buzg‘unchilarning foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslikni tushunishga yordam bermoqchi bo‘lsangiz… iltimos, bo‘sh ish o‘rniga ariza topshirish imkoniyatini ko‘rib chiqing”, deb yozdi Altman.
Kompaniya ekspertga yiliga $555 mingdan maosh va mukofot sifatida aksiyalar paketini taklif qiladi. Shu bilan birga, Altman yuqori stress va ishga qabul qilingandan so‘ng “deyarli darhol ishga chuqur sho‘ng‘ish” zarurligi haqida ogohlantirdi.
2025-yil 19-dekabrda OpenAI GPT-5.2-Codex dasturlash uchun yangi modelni taqdim etdi, uni koddagi zaifliklarni topishda eng yaxshisi deb atadi.
O‘shanda kompaniya jinoyatchilar undan kiberhujumlar uchun foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirgan va yangi ishlanmalarni ishlab chiqishda “ehtiyotkorona yondashuv” zarurligini ta’kidlagan.
Avvalroq OpenAI ChatGPT Atlas sun’iy intellekt brauzerini taqdim etgani haqida xabar berilgandi.
Brauzer bepul ishlaydi va hozircha faqat macOS uchun mavjud, uni OpenAI saytidan yuklab olish mumkin.
