Prezidentning Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qarori imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Hujjat bilan viloyatda drayver loyihalarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatga ega hamda ichki xo‘jaliklararo 298 km avtomobil yo‘llari hamda 15 ta yo‘l o‘tkazgich quriladi, rekonstruksiya qilinadi va taʼmirlanadi.

14 ta tumanda 1 ta podstansiya taʼmirlanadi, 70 ta transformator punkti o‘rnatiladi, 137 km elektr tarmoqlari yangilanadi.

Ichimlik suvi va oqova suv tizimini yaxshilash uchun 14 ta tumanda 90 ta suv inshooti, 242 km suv tarmog‘i quriladi va taʼmirlanadi.

2026-yil 1-iyuldan Samarqandda qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan to‘lanadigan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq tushumlari to‘liq tuman suv korxonalari ixtiyoriga o‘tkaziladi.

Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish maqsadida talabgorlarga paxta maydonlarida joriy etilgan tomchilatib sug‘orish tizimlari uchun belgilangan tartibda har bir gektariga 12 mln so‘mdan subsidiya beriladi.

Kelgusi yildan viloyatdagi qurilish, taʼmirlash va modernizatsiya qilish loyihalari qatʼiy ravishda “yashil” tamoyillar va energiya samaradorligi bo‘yicha minimal talablar asosida amalga oshiriladi.

Kelasi o‘quv yilidan Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutida Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikda muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha fakultet tashkil etish choralari ko‘riladi.


Avvalroq O‘zbekistonda 4 ming km avtobanlar va 800 km yuqori tezlikdagi pulli yo‘llar paydo bo‘lishi aytilgandi.