Avvalroq 2025-yilda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 3,1 foiz punktga kamayib, 5,8% ni tashkil etgani haqida xabar berilgandi. Bir yilda 302 ming oila kambag‘allikdan chiqarildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlarining qayd etishicha, mamlakatda ijtimoiy siyosat natijasida aholi daromadlari o‘rtasidagi tengsizlik sezilarli darajada qisqarmoqda.

Xususan, aholining eng yuqori (1-kvintil) va eng kam (5-kvintil) daromadga ega guruhlari o‘rtasidagi tafovut 2024-yildagi 6,3 baravardan 2025-yilda 5,7 baravargacha kamaydi.

Bu kam ta’minlangan aholi qatlamining daromadlari yuqori o‘sishi bilan izohlanadi. Tahlillarga ko‘ra, eng kam ta’minlangan guruh daromadlari 26% ga, boy qatlam daromadlari esa 13% ga oshgan.

Daromadlar tengsizligini ifodalovchi Jini koeffitsiyenti 0,35 dan 0,33 ga tushdi. Hududlar kesimida eng sezilarli pasayish Toshkent shahri, Sirdaryo viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatildi.

Avvalroq Spot 1-fevraldan davlat ta’minotidagi oilalarga tadbirkorlik uchun imtiyozli kreditlar berilishi haqida yozgandi. Mablag‘lar bandlik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, issiqxona qurish hamda zarur asosiy vositalarni xarid qilishga yo‘naltiriladi.