O‘zbekistonda 2025-yil yakunida kambag‘allik darajasi qisqardi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahliliy ma’lumotlarida keltirilgan (nusxasi Spot’da mavjud).

Milliy statistika qo‘mitasi va Jahon banki kuzatuvlariga ko‘ra, mamlakatda 2025-yil yakunlari bo‘yicha kambag‘allik darajasi 3,1 foiz punktga qisqarib, 5,8% ni tashkil etdi. Bir yilda 302 ming ehtiyojmand oila kambag‘allikdan chiqarildi.

Pasayish barcha hududlarda kuzatilib, eng yuqori ko‘rsatkich Jizzax (11,8% dan 5,8% gacha), Xorazm (11,9% dan 6,7% gacha), Sirdaryo (11,3% dan 6,2% gacha), Qoraqalpog‘iston (10,8% dan 6,6% gacha) hamda Toshkent shahrida (7,3% dan 3,5% gacha) qayd etildi.

Shaharlarda kambag‘allik 5,2% ga (2024-yilda 8,6%), qishloqlarda esa 6,4% gacha (9,2%) pasaydi.

bandlik, daromad, kambag'allik darajasi, kambag‘allik

Hozirda kambag‘al aholi soni 2,2 mln nafar bo‘lib, eng ko‘p ulush Samarqand (265 ming), Farg‘ona (239 ming), Qashqadaryo (238 ming) va Andijon (214 ming) viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Aholi jon boshiga o‘rtacha oylik daromad 2,6 mln so‘mni tashkil etdi. Uning 72,6% i mehnat faoliyatidan olingan daromadlarga to‘g‘ri kelib, bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan oshdi.

Qolgan qismi pensiyalar (11,8%), qishloq xo‘jaligidagi daromadlar (10,1%), ijtimoiy yordam puli (1,6%) va boshqa manbalarga (3,9%) teng bo‘ldi.

Ekspertlar “Xitoy tajribasi” asosida joriy etilgan yangi yondashuvlar yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilganini qayd etdi.

Bundan tashqari, 484 ta yangi kooperativga 15,7 ming nafar kambag‘al oila a’zolari jalb qilindi. Ko‘chatxona va dorivor o‘simliklar yetishtirish uchun 8,7 mingta oilaga 21 ming gektar o‘rmon fondi yerlari ijaraga berildi.

Yana 2,3 mingta oilaga savdo uchun bozor va supermarketlardan 7,5 ming kv.m. savdo joylari berildi, turizm xizmatlari orqali 1,3 ming nafar, 394 mingdan ortiq mikroloyihalar orqali esa 809 ming nafar kishi bandligi ta’minlandi. 11 oyda tadbirkorlik uchun 127,1 trln so‘m kredit ajratildi.

Sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev “Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forum ochilishida so‘zlagan nutqida 2024-yili kambag‘allik darajasi 8,9% ga tushirilgani, yil yakunigacha uni 6% gacha kamaytirish maqsad qilinganini aytgandi.

29-oktabr kuni prezident huzuridagi ijtimoiy sug‘urta tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimotida mamlakatda kambag‘allik darajasi 2021-yildagi 17% dan 6,8% ga kamaygani ma’lum qilingandi.

Avvalroq prezident qarori bilan oilalar davlat ta’minotidagi, kambag‘al hamda kambag‘allik chegarasidagi oilalar toifasiga ajratilishi haqida xabar berilgandi.