30-dekabr kuni aholining alohida turdagi iste’mol mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlash hamda iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston ichki iste’mol bozoridagi ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar narxlari oshishining oldini olish, tarif va notarif tartibga solish vositalarini keng qo‘llash hisobiga ularning inflyatsiya darajasiga salbiy ta’sirini yumshatish maqsad qilingan.

Unga ko‘ra, 2023-yilning mart oyida joriy etilgan 36 toifadagi oziq-ovqat va boshqa tovarlar uchun bojxona bojining nol stavkasini qo‘llash muddati yana bir yil — 2027-yilning 1-yanvariga qadar uzaytirildi.

Farmon bilan mahsulotlarning quyidagi toifalari nazarda tutilgan:

  • cho‘chqa go‘shti va boshqa go‘sht (parranda go‘shtidan tashqari), shuningdek cho‘chqa yog‘i va uy parranda yog‘i;
  • go‘sht konservalari va boshqa mahsulotlar;
  • konservalangan baliq va ikra;
  • yogurt, ivigan sut yoki qaymoq, paxta, quyultirilgan sut (qo‘shimchalar bilan va ularsiz);
  • pishloq va tvoroglar;
  • qobiqsiz tuxum va tuxum sarig‘i;
  • piyoz, sarimsoqpiyoz, shalot piyoz va boshqa piyozli sabzavotlar;
  • salat latuk, sikoriy;
  • dukkakli sabzavotlar;
  • mevalar (xurmo, anjir, ananas, avokado, guava, mango va mangostin, olma, nok, behi va bosqa);
  • un (bug‘doy va javdardan tashqari);
  • kartoshka granulalari;
  • g‘alla don donalaridan yorma;
  • non, non-bulka va makaron mahsulotlari;
  • kokos va palma yog‘i;
  • spageti, makaronlar, ugra, lazanya, ravioli kabi makaron mahsulotlari;
  • shokolad, qandolatchilik mahsulotlari, vaflilar;
  • murabbolar, marmeladlar, mevali jele, meva va yong‘oqli pyuresi (pasta);
  • konservalangan mevalar, yong‘oqlar va o‘simliklarning boshqa iste’mol qilinuvchi qismlari;
  • qahva, choy yoki paragvay choyi yoki mate, aragvay choyining ekstraktlari, essensiya va konsentratlari, tayyor mahsulotlar;
  • souslar va ziravorlar, xantal kukuni;
  • tayyor sho‘rvalar va bulonlar, ularni tayyorlashga yarim tayyor mahsulotlar;
  • butilkali suv va ichimliklar;
  • sochlar uchun vositalar;
  • dezodorantlar, soqol olish uchun vositalar, parfyumeriya;
  • bolalar kiyimi va ular uchun jihozlar;
  • patak uzunligi 24 smgacha bo‘lgan poyabzal.

Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayevga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda zarur hollarda oziq-ovqat xavfsizligi, aholining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanganlik darajasi hamda ichki bozorda narx barqarorligidan kelib chiqib, Prezidenti Administratsiyasiga bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladigan tovarlar ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritish yuzasidan takliflar kiritib borish topshirildi.

2022-yilning may oyida prezident farmoni bilan 22 turdagi oziq-ovqat tovarlari bojxona bojidan ozod etilgandi.

Avvalroq 2026-yildan kartoshka yetishtiruvchilarga imtiyozli kredit beriladi, ayrim texnikalarga boj bekor qilinishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, ularga sug‘orish nasoslariga quyosh panellari o‘rnatish va elektr xarajatlari uchun kompensatsiyalar ajratiladi.