O‘zbekistonda avtomobillarga nisbatan ekologik talablarni kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Havoning ifloslanishi bilan bog‘liq vaziyat Toshkentda qanday qilib qisqa vaqt ichida yaxshilangani haqidagi savolga javoban u barcha imkoniyatlar safarbar etilganini, noyabr oxirida tashkil etilgan maxsus komissiya prezident tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini ta’kidladi.

“Biz barcha imkoniyatlarni safarbar etdik. O‘sha kuni kechqurunoq prezidentdan bizga zarur bo‘lgan barcha narsalarga ruxsat oldik va u qo‘llab-quvvatladi. Biz shunchaki ekologiyaning ahamiyatini oshirdik, barcha kuchlarni safarbar etdik va qat’iy nazoratga oldik. Eslaysizmi, reydlar va boshqa tadbirlar o‘tkazildi. Mana shularning barchasi, menimcha, shunday tez natijalarga olib keldi”, — dedi Mirziyoyeva.

Prezident administratsiyasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, hozir hokimiyat “biznesni ekologiya muhimligiga maksimal darajada o‘rgatmoqda”, shuningdek, sanoat korxonalarini filtrlar o‘rnatishga rag‘batlantirmoqda.

“Ekologiya muhim — bu shunchaki madaniyat. Meningcha, bu davlat ham, xususiy sektor ham yuritadigan biznes madaniyatidir. Ko‘ryapsiz, biz biznes bilan — xususiy va davlat bilan biroz ishladik. Hamma joyda filtrlar o‘rnatishga majbur qilyapmiz va bu natija bermoqda. Avtomobillar bilan bog‘liq masala ham bor. Aholi ham tushunishi kerak: mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish, o‘zidan boshlash zarur. Mashinalar bo‘yicha ham ishlaymiz. Kovid paytidagi ekologiya qanday edi? Qushlar sayrardi, hamma joy toza edi. Demak, bunga erishish mumkin”, — deya xulosa qildi u.

2-dekabr kuni Saida Mirziyoyeva tungi reydda shaxsan ishtirok etib, Qibray tumanidagi kuniga 150 kg ko‘mir yoqiladigan issiqxonani borib ko‘rdi. Ekologiya qo‘mitasiga 1 kun oldin filtr o‘rnatib, tozalash uskunalarini xarid qilish bo‘yicha seminar-trening va yarmarka o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. “Ekologiyaning buzilishini foyda bilan oqlab bo‘lmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi prezident administratsiyasi rahbari.

O‘tgan hafta prezident poytaxt, viloyat markazlari va shaharlarga katta miqdorda zararli moddalar chiqaradigan avtomobillar kirishiga cheklovlar qo‘yilishini e’lon qilgandi.

2024-yil bahoridan buyon davom etayotgan Ekologik transport avtomobillarning atmosferaga chiqaradigan tashlamalarini kamaytirish tizimini joriy etish 2026-yil 1-yanvardan boshlanishi kutilmoqda.

Toshkent shahrida tizimni to‘liq ishga tushirish 2027-yilga mo‘ljallangan. 2028−2030 yillarda uni Nukus shahri, viloyatlar markazlari va maxsus ekologik zonalarda, 2031−2034 yillarda esa butun O‘zbekiston bo‘ylab joriy etish rejalashtirilgan.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda noyabr oyida avtomobillar savdosi 6% ga oshgani haqida yozgandi.