Toshkent viloyatidagi dam olish maskanlariga olib boruvchi avtomobil yo‘lida bir tomonlama harakat tashkil etildi. Bu haqda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Yangi yil bayrami kunlarida Bo‘stonliq tumanining tog‘li hududlariga tashrif buyuruvchi fuqarolar soni oshishidan kelib chiqib, hududdagi kurort zonalarida jamoat tartibini saqlash, yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash hamda yo‘l-transport hodisalari va tirbandliklarning oldini olish maqsadida ichki ishlar xodimlari xizmat olib bormoqda.
Shundan kelib chiqib, tumanning tog‘li hududlaridagi Amirsoy, Chimyon, Bildirsoy kabi dam olish maskanlariga olib boruvchi avtomobil yo‘lida transport vositalarining harakati bir tomonlama tashkil etildi.
YHXXning tushuntirishicha, 4R6 Toshkent-Chirchiq-Chimyon avtomobil yo‘lining 57-kilometridan 92-kilometrigacha — 4R10 avtomobil yo‘li bilan tutash joyiga qadar, harakat bir tomonlama etib belgilandi.
Harakat bir tomonlama tashkil etilgan yo‘lning boshida 5.5 (bir tomonlama harakatli yo‘l) va yo‘lning oxirida 5.6 (bir tomonlama harakatli yo‘lning oxiri) axborot ko‘rsatkich yo‘l belgilari, shuningdek, harakatlanib kirish taqiqlangan qismida 3.1 (kirish taqiqlangan) yo‘l belgisi o‘rnatiladi.
“Barcha harakat ishtirokchilardan ushbu chora-tadbirlarni to‘g‘ri tushungan holda, tartibga soluvchilar, ya’ni yo‘l patrul xizmati inspektorlarining ishoralariga, yo‘l belgi va chiziqlar talablariga rioya etishlarini, ehtiyotkorlik bilan harakatlanishlarini hamda yo‘l harakati qoidalariga amal qilishlarini so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.
Prezident farmoniga ko‘ra, fuqarolar Yangi yil bayramida ketma-ket 5 kun — 31-dekabrdan 4-yanvargacha dam oladi. 31-dekabr hamda 2-yanvar kunlari ish haftasining turidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilandi.
Avvalroq Spot Yangi yil bayramida qaysi banklar ishlashi haqida yozgandi.
