2026-yil 1-yanvardan boshlab “Ochiq budjet” axborot portalida jismoniy shaxslar soliqlari bo‘yicha yangi modul ishga tushirildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Endi “Jismoniy shaxslarning soliqlari hisobidan xarajatlar” moduli orqali fuqarolar o‘zlari to‘lagan daromad, mol-mulk va yer soliqlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olishi mumkin.

Shu bilan birga, to‘langan soliqlar hisobidan davlat budjetidan amalga oshirilgan xarajatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar (yo‘nalishlar kesimida) bilan doimiy ravishda tanishib borish mumkin.

Buning uchun openbudget.uz portaliga kirib, “Jismoniy shaxslarning soliqlari hisobidan xarajatlar” modulini tanlash va “Batafsil ko‘rish” tugmasini bosish kerak.

Xizmatdan foydalanish uchun One ID, ERI kaliti yoki ID-karta ma’lumotlaridan biri orqali shaxsni tasdiqlash zarur.

Undan keyin fuqaro tomonidan to‘langan soliqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar tegishli davr bo‘yicha shakllanadi.

ochiq byudjet, open budget, soliqlar, xarajatlar

Shuningdek, mazkur sahifada ushbu soliqlar evaziga budjetdan qanday yo‘nalishlarga xarajatlar amalga oshirilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham aks ettiriladi.

ochiq byudjet, open budget, soliqlar, xarajatlar

Kerakli davr mobaynida amalga oshirilgan to‘lovlarni ko‘rish uchun yillarni o‘zgartirish mumkin. Shu bilan birga, ma’lumotlarni jadval ko‘rinishida ham yuklab olish imkoni mavjud.

2025-yilning noyabr oyida qabul qilingan prezident qarori bilan 2026-yildan aholi tomonidan to‘langan soliqlar hisobidan amalga oshiriladigan budjet xarajatlari haqida onlayn ma’lumot olish imkoni yaratilishi belgilangandi.

Avvalroq Spot Soliq qo‘mitasi o‘zini o‘zi band qilgan taksi haydovchilari 2026-yildan boshlab soliqlarni qanday to‘lashi bo‘yicha tushuntirish bergani haqida yozgandi.