Dekabr oyida iste‘mol narxlarining o‘sishi yana biroz tezlashib, 0,9%ga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Shu bilan birga, oylik inflyatsiya 2024-yil dekabrga nisbatan 0,1%ga pasaydi. Narxlarning o‘sish sur‘ati avgust oyidan boshlab mavsumiy omillar ta‘sirida asta-sekin ko‘tarildi, biroq o‘tgan yilning mos oylaridan past darajada qoldi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, yillik inflyatsiya 7,3%ni tashkil etdi — bu o‘tgan yilgidan chorak qismga past. Markaziy bank boshqaruvining so‘nggi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha prognozida aynan shu raqamni ko‘rsatgan edi.

Oziq-ovqat narxlari oy davomida 1,5%ga oshdi — bu mart oyidan beri eng yuqori ko‘rsatkich. Yillik o‘sish 5,5%ni tashkil etib, 2024-yil oxiridagi darajadan ikki barobar yuqori bo‘ldi.

Oziq-ovqat mahsulotlarini hisobga olmaganda, oylik inflyatsiya 0,4%ni (0,7%ga nisbatan) tashkil etdi, yillik ko‘rsatkich esa 1,5 baravarga — 12%dan 7,9%ga tushdi. Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari yil davomida 5,1%ga (2024-yilda 7,7%) oshdi, shundan dekabr oyiga 0,3% to‘g‘ri keldi.

Xizmat ko‘rsatish sohasidagi inflyatsiya o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan pasaygan bo‘lsa-da, umumiy darajadan sezilarli darajada yuqori (13,9%) bo‘lib qolmoqda. Dekabr oyida xizmatlar 0,7%ga qimmatlashdi.

Hududlar orasida yil davomida narxlar eng ko‘p Farg‘ona viloyati va Qoraqalpog‘istonda — 7,7%ga oshdi. Inflyatsiyaning eng past darajasi Jizzax viloyatida (6,7%) qayd etildi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yillik inflyatsiya respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan biroz pastroq — mos ravishda 7,1 va 7,2%ni tashkil etdi.

Dekabr oyida narxlarning eng yuqori o‘sishi Xorazmda (1,1%) kuzatildi, keyingi o‘rinlarda Toshkent, Andijon va Namangan viloyatlari (1%) qayd etildi. Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida inflyatsiya atigi 0,8%ni tashkil etdi.

Avvalroq O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti $145 mlrddan oshgani haqida xabar berilgandi.