Hukumatning yoshlarni IT sohasiga jalb qilish, ularning raqamli bilim va ko‘nikmalarini oshirish orqali yuqori daromadli kasblarga yo‘naltirish bo‘yicha qarori qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, Bir million dasturchi loyihasining mantiqiy davomi sifatida Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari loyihasi amalga oshiriladi.
Har yili mazkur loyiha doirasida eng yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilarni taqdirlash bo‘yicha milliy tanlov o‘tkazib boriladi.
Bunda tanlov g‘oliblari pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Jumladan, 100 nafar o‘qituvchiga $1000 ekvivalentida pul mukofoti beriladi.
Yana 10 nafar o‘qituvchiga esa xorijiy sayohatga yo‘llanma taqdim etiladi.
Shuningdek, 500 nafar yoshga noutbuk, yana 500 nafariga esa qimmatbaho sovg‘alar berilishi rejalashtirilgan.
Yana 3 ta oliy taʼlim tashkiloti pul mukofoti hamja 2 ta maktab “Prezident sovg‘asi” — elektromobil bilan taqdirlanadi.
Muhammad al-Xorazmiy vorislari loyihasi doirasida yoshlarga IT-loyiha boshqaruvchisi, startap loyihasi boshqaruvchisi hamda xorijiy tillarga bepul o‘qish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, xalqaro professional darajadagi IT-sertifikatlarni olish bo‘yicha o‘quv kurslarida bepul taʼlim olish mumkin bo‘ladi.
Million prompter loyihasi
Shavkat Mirziyoyevning 2025-yilning yanvar oyida BAAga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekistonda “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturi ishga tushirilishi ma’lum bo‘lgandi. Prezident BAA Sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot va masofaviy ishlash vaziri Omar Sulton Al-Olama bilan muzokaralar doirasida bu bo‘yicha kelishuvlarga erishgan.
Muloqotda Umar bin Sulton al-Olama O‘zbekistonda “1 mln dasturchi” loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilganini, dastur IT-sohasida xalqaro kadrlar tayyorlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
“O‘zbekiston sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda mintaqada yetakchiga aylanishni maqsad qilgan. Biz unga erishishda o‘z hissamizni qo‘shamiz degan umiddamiz. Sun’iy intellekt muhim yo‘nalishlardan biriga aylanadi. Prezident amaliy qo‘llaniladigan SIni ko‘rish istagida, uning qiymati sezilarli darajada bo‘lishi kerak”, — dedi BAA sun’iy intellekt vaziri.
10-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent investitsiya forumining yalpi majlisida O‘zbekistonda milliy “Bulutli texnologiyalar” platformasi hamda sun’iy intellekt modeli yaratilishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, 20 ta data-markaz qurilishi va “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi ishga tushirilishi qayd etildi.
30-iyun kuni prezidentning yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida esa BAA bilan hamkorlikdagi dastur ishga tushirilayotgani ma’lum qilindi. Shu yilning o‘zida “AI study” platformasi orqali kamida 100 ming yoshlar sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘rganishi ko‘zda tutilmoqda.
Iyul oyida O‘zbekistonda Bir million sun’iy intellekt yetakchilari dasturi ishga tushirilgandi. Loyiha doirasida bu yil 100 ming, 2026-yil kamida 500 ming yoshlar o‘qitiladi. Loyiha bilan maktab o‘quvchilarini ham qamrab olish muhimligi ta‘kidlandi.
Noyabr oyida O‘zbekiston sunʼiy intellekt bo‘yicha 5 mln prompt-muhandisni BAA tajribasi asosida o‘qitishi aytilgandi. Keyinroq esa “5 mln sun‘iy intellekt yetakchilari” loyihasiga start berilgan edi.
Avvalroq O‘zbekiston Gonka global sun‘iy intellekt tarmog‘iga qo‘shilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
