Qonunchilik palatasi majlisida elektron tijorat sohasini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan.

Unda elektron tijorat sohasidagi iste‘molchilar muomalasiga kirib borayotgan yo‘nalishlarga oid yangi elektron savdo platformasi va buyurtmalar agregatori operatorlari, raqamli striming xizmati, elektron tijorat ishtirokchilari, transchegaraviy elektron tijorat kabi atamalarga tushuncha berilmoqda.

Shuningdek, biznes jarayonlar va sohani soliqqa tortish mexanizmlarini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.

Majlisda mazkur qonun loyihasi elektron tijoratning shaffof va ochiq ekotizimini shakllantirish hamda platforma va servislarni jadal rivojlantirishga qaratilgani taʼkidlandi. Shuningdek, u iqtisodiyotdagi yashirin aylanmalarni qisqartirish va elektron tijorat munosabatlaridagi iqtisodiy mexanizmlarni takomillashtirishni nazarda tutadi.

Yig‘ilishda hujjatni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi rahbari o‘rinbosari Orifjon Fayziyev taqdim etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi qonun loyihasi “elektron tijoratda raqobat muhitini sog‘lomlashtirish va byudjetga tushumlarni ta‘minlash” choralarini o‘z ichiga oladi.

Elektron tijoratning har xil turlari (marketpleyslar, agregatorlar, striminglar) uchun alohida huquqlar, majburiyatlar va javobgarlik choralari joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, qonunda elektron tijorat sohasida yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning maxsus hisobvaraqlarga ega bo‘lishi shartligi belgilanmoqda. Bu o‘tgan yilning avgust oyida joriy etilgan maxsus huquqiy rejim bilan ko‘zda tutilgan.

Qonun loyihasining yana bir normasi tovarlarni marketpleyslar orqali sotadigan eksport qiluvchilar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasi va pasaytirilgan soliq stavkalarini qo‘llashga taalluqlidir. Imtiyoz olish uchun ular bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim etishlari kerak bo‘ladi.

Majlisda qatnashgan 136 nafar deputatdan 132 nafari qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi. Yana uchtasi betaraf qoldi, bittasi ovoz bermadi.


Avvalroq Uzum Market eski buyurtmalar uchun ommaviy pul yechib olinishi holatiga izoh bergandi.