Prezidentning 2025-yil 30-dekabrdagi farmoniga (PF-269-son) ko‘ra, tibbiy sug‘urta bo‘yicha bepul rejali statsionar yordamni joriy etish yarim yilga kechiktirildi.

Hujjat prezidentning 2024-yil 5-sentabrdagi qaroriga (PQ-311-son) o‘zgartirishlar kiritdi. Unga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab fuqarolar davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilgan tibbiyot muassasalarida elektron navbat asosida rejali statsionar tibbiy yordamni bepul olish huquqiga ega bo‘lishi kerak edi.

Endi bu muddat yarim yilga — 2026-yil 1-iyulgacha kechiktirildi.

Quyidagilarga rejali statsionar tibbiy yordamni bepul olish huquqi beriladi:

  • jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki ijtimoiy soliq to‘lovchilar;
  • Soliq kodeksiga muvofiq mehnat stajini hisoblash uchun zarur bo‘lgan soliqlarning belgilangan miqdorlarini to‘lagan shaxslar;
  • voyaga yetmaganlar, o‘quvchilar va talabalar, homilador ayollar, ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarni parvarish qiluvchi shaxslar, rasman ro‘yxatga olingan ishsizlar, pensionerlar, shuningdek ijtimoiy himoya davlat reyestriga kiritilgan kam ta‘minlangan va kambag‘al oilalar a‘zolari.

2024-yilning sentabrida o‘sha yilning 1-oktabridan boshlab Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida davlat tibbiy sug‘urtasi joriy etilishi haqida ma‘lum qilingan edi. 2025-yilda yana 6 ta hududda davlat tibbiy sug‘urtasini ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, 2026-yil oxirigacha esa tizim butun mamlakatni qamrab olishi kerak edi.

davlat tibbiy sug'urtasi, prezident farmoni, statsionar yordam, sug'urta

Spot, avvalroq, davlat ijtimoiy sug‘urtasi fuqarolarga majburiy yoki ixtiyoriy qo‘llanilishi haqida yozgandi.