Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda Ijtimoiy soha muassasalarini qurish va ta‘mirlash jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Tegishli qaror 2025-yil 30-dekabrda Lex.uz saytida e‘lon qilindi.

Jamg‘arma maktablar, sport inshootlari va shifoxonalarni qurish, ta‘mirlash hamda qayta qurish ishlarini moliyalashtiradi. Shuningdek, ta‘lim, sport va tibbiyot muassasalarini jihozlash, infratuzilma va texnika bilan ta‘minlash uchun ham mablag‘ ajratiladi.

Jamg‘armaga Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasidan 2 trln so‘m o‘tkaziladi. Bundan tashqari, u 2026-yil boshida 55 ta respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari huzuridagi budjetdan tashqari jamg‘armalar balansidagi mablag‘larning 50%igacha oladi.

Pedagogik mahorat ilmiy-amaliy markazi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi jamg‘armalardan qoldiq mablag‘ning 10%i ajratiladi. O‘zatom, Bilim va malakalarni baholash agentligi hamda IIV Migratsiya va personallashtirish departamenti huzuridagi jamg‘armalar o‘z mablag‘larining 20%ini taqdim etishlari lozim bo‘ladi.

Prezident dekabr oyi oxirida Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida mahallalardagi muammolarni hal qilish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini ma‘lum qilgandi. Mahalliy budjetlar daromadini kamida ikki barobar oshirish choralari ko‘riladi.

Qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismi mablag‘larning yarmini tumanlarga o‘tkazish sharti bilan soliq undirilgan Toshkent shahri va viloyatlar budjetiga o‘tkaziladi. Shuningdek, mahalliy budjetlarga viloyat darajasidagi daromadlarning prognozdan ortiq 50%i, ekin yerlarini ijaraga berishdan olingan barcha to‘lovlar va bozor yig‘imlari to‘liq beriladi.

Hokimlarga takrorlanuvchi va samarasiz lavozimlarni qisqartirish, bo‘shagan mablag‘larni aholi muammolarini hal etishga yo‘naltirish vazifasi topshirildi. Bu choralar natijasida tumanlarga infratuzilma uchun qo‘shimcha 5 trln so‘m ajratilishi kutilmoqda.

Avvalroq davlat tibbiy sug‘urtasida bepul statsionar yordam joriy etilishi 6 oyga kechiktirilgani aytilgandi.