Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodini xususiylashtirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezidentning 2025-yil 27-dekabrdagi qarori (PQ-391-son) bilan belgilangan.

Shavkat Mirziyoyev Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodining 90% aksiyalar paketini ishonchli boshqaruvga berish to‘g‘risidagi bitimni keyinchalik bosqichma-bosqich xususiylashtirish sharti bilan 1 yilga uzaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.

O‘tgan yilning aprel oyida avval O‘zbekiston temir yo‘llari'ga tegishli bo‘lgan Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi ustav fondidagi 90,02% ulush Davaktiv agentligiga o‘tkazilgani, agentlik esa uni 2025-yil 22-yanvardagi shartnomaga muvofiq Transport Engineering Center ishonchli boshqaruviga bergani ma’lum bo‘ldi. Bitim haqida jamoatchilikka xabar berilmagan.

Zavodning yangi kuzatuv kengashi tarkibiga Rossiya fuqarolari bo‘lgan Transport Engineering Center’ning besh nafar vakili kirdi. Ularning ba’zilari Rossiyaning Transmashxolding (TMX) mashinasozlik guruhiga aloqador bo‘lib, u temir yo‘l va shahar temir yo‘l transporti uchun harakatlanuvchi tarkib ishlab chiqaradi.

Iyulga kelib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekiston temir yo‘llari'ning zavoddagi ulushi temir yo‘l va metro harakat tarkibini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish uchun Rossiya kompaniyalari ta’sischiligidagi Transport Engineering Center kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga berilganini ma’lum qildi.

Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodining kuzatuv kengashi tarkibiga Rossiyaning Transmashxolding kompaniyasi top-menejerlari kiradi.

KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, Transport Engineering Center ta’sischilari VTR Holdings Limited xususiy kompaniyasi (87%) va Vektor texnologicheskix resheniy (Вектор технологических решений, 13%) hisoblanadi. Birinchi kompaniya Ostonada, ikkinchisi esa Moskvada ro‘yxatdan o‘tgan.

Rossiya yuridik shaxslarining yagona davlat reyestridan ko‘chirmaga ko‘ra, Vektor texnologicheskix resheniy’ning yagona ta’sischisi Lebedev Aleksey Aleksandrovich hisoblanadi. Lebedev 2011-yildan 2017-yilgacha RJD tortish direksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan, deb yozadi RBK.

2024-yilning mart oyida prezident Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodiga tashrif buyurib, elektr poyezdlar tarmog‘ini kengaytirish, alohida generatsiya quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar bergandi. Bundan tashqari, kon-metalurgiya korxonalari uchun maxsus vagonlar qurish, keng kupeli yangi turlarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgandi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston temir yo‘llari 200 ta yo‘lovchi vagonini yangilash uchun $143 mln kredit olishi haqida yozgandi. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi yillik 5% stavkada 10 yilga mo‘ljallangan, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan kredit ajratadi.