O‘zbekistonda Xitoy bilan zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etadi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Vazir o‘rinbosari Akmal Qosimov Xitoyning China Datang Overseas Investment kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi direktori Wang Hao bilan uchrashdi.
Unda agrar sohada hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Hududlarda yuqori hosildor qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etishda Xitoy tajribasidan foydalanish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Bunda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, resurslardan samarali foydalanish va eksport salohiyatini oshirish muhimligi ta‘kidlandi.



Shuningdek, Jizzax viloyatida rejalashtirilayotgan loyihalar yuzasidan fikr almashildi. Lalmi va yaylov yerlaridan oqilona foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga qaratilgan tashabbuslar ilgari surildi.
Bundan tashqari, tajriba almashish va ikki tomonlama ishchi guruhlarini tashkil etish masalalariga e‘tibor qaratildi. Mutaxassislar o‘rtasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ilg‘or usullarni joriy etishga xizmat qilishi ta‘kidlandi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikning keyingi bosqichlari va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Avvalroq O‘zbekiston 2026-yilda Xitoy bilan sunʼiy yo‘ldosh uchirishi haqida xabar berilgandi.



