Markaziy bank Humans bo‘yicha tekshiruvni yakunlab, natijalarini Toshkent shahar IIBBga topshirdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Humans kompaniyasiga to‘lov xizmatlarini taqdim etgan Octagram to‘lov tashkilotida Markaziy bankning tegishli farmoyishiga asosan ishchi guruh tuzilib, tekshiruv o‘tkazildi.

Tekshiruv natijalari bo‘yicha tuzilgan ma’lumotnoma belgilangan tartibda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga huquqiy baho berish va o‘z vakolati doirasida chora ko‘rish uchun taqdim etildi.

Ayni paytda Humans kompaniyasi bilan bog‘liq holat Toshkent shahar IIBB tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda o‘rganilmoqda. Markaziy bank holat bo‘yicha fuqarolardan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlarini so‘radi.

Shuningdek, regulyator har bir bank va to‘lov tashkiloti moliyaviy xizmatlardan foydalanuvchilarning huquqlarini himoya qilishni ta’minlashi shartligini eslatdi.

Nima bo‘lgandi?

9-dekabr kuni Humans foydalanuvchilari puli o‘g‘irlanishi ortidan Markaziy bank ushbu mobil ilova orqali o‘tkazmalarni to‘xtatdi. Holat yuzasidan tezkor tekshiruv boshlandi, barcha tranzaksiyalar va texnik jarayonlar o‘rganilmoqda.

Undan keyin, Humans firibgarlik holatini kompaniya hamkori — huquq egasi Octagram bo‘lgan Paylov to‘lov xizmatining texnik konturida bo‘lgan texnik zaiflik bilan izohladi. Humans materiallarni Markaziy bank va huquq-tartibot idoralariga topshirgan.

4-dekabrdan 8-dekabrgacha Humans foydalanuvchilarining bir qismi bank kartalari bo‘yicha firibgarlik to‘lqinlaridan jabr ko‘rdi. Firibgarlar mijozlar ishtirokisiz karta tokenlari va OTP kodlarini kiritmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Paylov API’ga so‘rovlar yuborgan. Birinchi hujumdan so‘ng Paylov ruxsatsiz IP-manzillarni bloklamadi, bu esa hisobdan chiqarishning takroriy to‘lqiniga olib kelgan.

Octagram (Paylov savdo belgisi) firibgarlik tranzaksiyalari uning tizimidagi zaiflikdan kelib chiqqani haqidagi ayblovlarni rad etdi. To‘lov tashkiloti 6-dekabr kuni Humans’da shubhali tranzaksiyalar kuzatilayotgani haqida ogohlantirib, tranzaksiyalarni vaqtincha to‘xtatgan.

7-dekabrda Humans Companies firibgarlik holatlarining oldi olinganini bildirib, amaliyotlarni qayta ochishni so‘ragan. 8-dekabrda esa Octagram Humans ilovasidagi barcha to‘lov xizmatlarini vaqtincha to‘xtatdi. Octagram har qanday texnik zaiflik mavjud emasligi hamda texnik jihatdan barcha zarur choralar ko‘rilganini ma’lum qildi.