Andijonda noqonuniy umra tadbirlarini tashkil etgan korxona fosh etildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Olib borilgan tergov surishtiruv harakatlari davomida 1984-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan ayol Jalolquduq Aviatrans korxonasida norasmiy tur agent vazifasini bajargani aniqlandi.

U jami 19 547 nafar fuqarolarni jalb qilib, noqonuniy umra tadbirini tashkil etgan. Jalolquduq Aviatrans tomonidan 2024−2025-yillar davomida noqonuniy fuqarolardan $22,84 mln miqdoridagi naqd pul olingan.

Davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan jami zarar 1 mlrd 819,9 mln so‘m, soliq va boshqa yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik holati bo‘yicha jami 15 mlrd 363,02 mln so‘m hisoblangan.

Korxona tomonidan Saudiya Arabistoniga yuborilib, og‘ir ahvolda, hech qanday sharoitlarsiz qolib ketgan jami 534 nafar fuqarolar maxsus reyslar orqali O‘zbekistonga olib kelingan.

Holat yuzasidan 14 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a, v” bandlari (Firibgarlik juda ko‘p miqdorda; uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa), 190-moddasi 6-qismi “b” bandi (Faoliyat bilan litsenziyasiz yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz yoxud xabarnoma yubormasdan shug‘ullanish), 192-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari (Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilish tartibini buzish juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda; uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa), 189-moddasi 1-qismi (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) va 184-moddasi 3-qismi (Soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash juda ko‘p miqdorda sodir etilgan bo‘lsa) bilan to‘ldirilgan ayblov eʼlon qilingan.

Natijada 13 nafar shaxs qo‘lga olingan.

O‘zbekistonda Umra tadbirlarini tashkil etish

2024-yilning iyun oyida qabul qilingan qaror bilan “Umra” ziyorati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Litsenziya berish vakolati esa Turizm qo‘mitasidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga berildi.

Sentabr oyida qo‘mita mazkur tadbirlarni tashkil etayotgan turoperatorlarga ogohlantirish bilan chiqib, yangi talablar 5-oktabrdan kuchga kirishini, turoperatorlar litsenziyalari mazkur sanagacha amalga qilishini qayd etdi.

Undan keyin, 12-oktabrga kelib, hukumatning tegishli qarori qabul qilindi. Unda turistik tashkilotlar mazkur xizmatlar uchun yangi talablar asosida litsenziya olishlari kerakligi belgilandi.

15-oktabr kuni qo‘mita yangi talablar asosida litsenziya olish uchun arizalar qabulini e’lon qildi. Noyabr oyida, tanlov natijasida “Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun 12ta turoperatorga litsenziya berildi.

Spot litsenziya olishdagi yangi talablar yuzasidan bir qator turoperatorlar bilan suhbatlashib, bu qanday qiyinchiliklarga olib kelgani, narxlarga qanday ta’sir qilishi hamda kelgusida kutilayotgan natijalar haqida fikrlarini o‘rgangandi.

Avgust oyida O‘zbekistonda Umra safarlarini noqonuniy tashkil etayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida “Sirli mijoz” yashirin nazorat tadbirlari amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi.

Avvalroq Navoiyda litsenziyasiz umra safarlarini reklama qilgan ikkita firma jarimaga tortilgandi.