2026-yilda O‘zbekistonda mol-mulk solig‘ini hisoblash tartibi o‘zgardi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident 2025-yil 25-dekabrda qonun hujjatlariga 2026-yilga mo‘ljallangan soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari bilan bog‘liq o‘zgartirishlarni tasdiqladi.
Unga ko‘ra, mol-mulk solig‘i hisoboti proaktiv tartibga o‘zgardi. Soliq hisoboti soliq organlarida mavjud hamda soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetidagi interaktiv xizmatga kiritgan ma’lumotlari asosida avtomatik shakllantiriladi.
Soliq to‘lovchi uni 5 kun ichida (hisobotni taqdim etish muddatidan kechiktirmay) tuzatishlar kiritilgan holda taqdim etishi kerak. Agar soliq hisobotiga tuzatishlar kiritilmasa, bu soliq to‘lovchining ushbu hisobotga rozi ekanligini bildiradi va hisobot taqdim etilgan deb hisoblanadi.
Yuridik shaxslar uchun asosiy soliq stavkasi hozirgi daraja — 1,5% miqdorida saqlanib qoldi. Yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorga ijaraga beriladigan yoki biznes uchun foydalaniladigan ko‘chmas mulkdan ham xuddi shunday stavka bo‘yicha soliq undiriladi.
Umumiy foydalanishdagi temir yo‘llar, magistral quvurlar, aloqa va elektr uzatish liniyalari, shuningdek, ularning texnologik qismi bo‘lgan inshootlar uchun soliq stavkasi 0,65% dan 0,7% gacha oshiriladi. Bu hukumat qarori bilan konservatsiya qilinadigan hamda qurilishi tugallanmagan obyektlarga nisbatan ham qo‘llaniladi.
Yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘ini hisoblash uchun soliq bazasi ko‘chmas mulkning 1 kv.metri uchun mutlaq miqdorda belgilangan minimal qiymatdan past bo‘lishi mumkin emas:
- Toshkent shahrida — 3,53 mln so‘m;
- Nukus shahri va viloyat markazlarida — 2,35 mln so‘m;
- Boshqa shaharlarda va qishloq joylarida — 1,39 mln so‘m.
Bundan tashqari, jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqning yangi stavkalari joriy etilmoqda:
| T/r | Soliq solish obyektlari | Soliq stavkalari (foizlarda) | |
| oldin | joriy | ||
| 1 | Turar-joy va kvartiralar, dala hovli (umumiy maydoni 200 kv.m gacha), ko‘p kvartirali uylarga uzviy bog‘liq bo‘lgan avtomashina turar joylari, boshqa imoratlar, binolar va inshootlar | 0,34 | 0,36 |
| 2 | Shaharlarda joylashgan uy-joylar va kvartiralar, umumiy maydoni | ||
| 200 kv.metrdan 500 kv.metrgacha bo‘lgan | 0,45 | 0,48 | |
| 500 kv.metrdan ortiq bo‘lgan | 0,6 | 0,64 | |
| 3 | Boshqa aholi punktlarida joylashgan, umumiy maydoni 200 kv.metrdan ortiq uy-joylar va kvartiralar, dala hovli imoratlari | 0,45 | 0,48 |
Biznes uchun mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha imtiyoz shartlari qatʼiylashtirilmoqda. Kompaniya tovar va xizmatlardan yetarli daromadga ega bo‘lishi, shuningdek, kamida 3 nafar ishchisi bo‘lishi va ularning maoshi MHTEKMning 2 baravaridan kam bo‘lmasligi kerak.
Avvalroq Spot fuqarolar o‘zlari to‘lagan soliqlari nimalarga yo‘naltirilganini onlayn ko‘rishlari mumkinligi haqida yozgandi. Open budget portali orqali aholi to‘lagan daromad, mol-mulk va yer soliqlari hamda ushbu mablag‘lar hisobidan amalga oshirilgan davlat xarajatlari haqida ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
