AQSH Davlat departamenti 25 ta yangi davlatga viza berishda pul garovi talabini joriy qildi. Bu haqda departament saytida xabar berildi.
Kirish vizasi uchun ariza topshirish uchun ro‘yxatdagi mamlakatlar fuqarolari $5 000 dan $15 000 gacha garov to‘lashlari kerak bo‘ladi. Garovning aniq miqdori elchixona yoki konsullikdagi viza suhbatida aniqlanadi.
21-yanvardan boshlab garov talabi Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolariga nisbatan qo‘llaniladi. Turkmaniston uchun garov 1-yanvardan boshlab joriy etilgan.
Ro‘yxatga kiritilgan davlatlarning umumiy soni 38 taga yetdi — bular asosan Afrika, Janubiy Osiyo, Okeaniya davlatlari, shuningdek, Antigua va Barbuda, Dominika, Kuba va Venesuela.
Qayd etilishicha, bunga ro‘yxatga kiritilgan mamlakatlar fuqarolari tomonidan turistik va ishbilarmonlik vizalari (B-1 va B-2) bo‘yicha bo‘lish muddatlarining tez-tez buzilishi sabab bo‘lgan.
Garov faqat AQSH Moliya vazirligining Pay.gov rasmiy to‘lov tizimi orqali konsullik xodimi tomonidan taqdim etilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri havola orqali qabul qilinadi. Garov pulini to‘lash viza berishni kafolatlamaydi, deya ta’kidladi Davlat departamenti.
Viza olganlar AQSH hududiga uchta aeroportdan biri — Bostondagi Logan aeroporti, Nyu-Yorkdagi Kennedi aeroporti va Vashingtondagi Dalles aeroporti orqali kirishi va mamlakatdan chiqib ketishi kerak.
Garov sifatida kiritilgan pullar AQSHdan chiqib ketgandan keyin viza muddati tugashidan oldin avtomatik ravishda qaytariladi. Shuningdek, ariza beruvchi aeroportga kirish rad etilganda garovni qaytarib olishi mumkin.
Garov talabi 2025-yil avgust oyida sinov tariqasida joriy etilgan va dastlab Malavi va Zambiyaga taalluqli edi. Davlat departamenti ta’kidlashicha, u bo‘lish muddatlari tez-tez buziladigan va xavfsizlik choralari past bo‘lgan mamlakatlar uchun amal qiladi.
AQSH prezidenti Donald Tramp 2025-yil iyun oyida “xavf darajasi yuqori” bo‘lgan 19 mamlakat fuqarolari uchun mamlakatga kirishga cheklovlar joriy qildi. Ulardan 12 nafari to‘liq, 7 nafari esa qisman taqiqqa uchragan, ularning amaldagi vizasi yoki yashash guvohnomasi bo‘lgan fuqarolari Amerika chegarasini kesib o‘tishlari mumkin.
Dekabr oyida Oq uy rahbari cheklovlar amal qiladigan davlatlar ro‘yxatini 39 tagacha kengaytirdi — ulardan 19 tasi to‘liq taqiqqa uchradi. Shu bilan birga, Amerika ma’muriyati Turkmaniston fuqarolariga mehmon va talaba vizalarini berishni qayta tikladi.
Avvalroq AQSH Davlat departamenti 30-dekabrdan boshlab Green Card (Diversity Visa — turli millat vakillari uchun viza) dasturi bo‘yicha viza berishni to‘xtatgandi.