Kaliforniyada sun’iy intellektli bolalar o‘yinchoqlarini taqiqlash taklif qilindi. Bu haqda TechCrunch nashri xabar berdi.

Kaliforniya shtatidan saylangan demokrat senator Stiv Padilya seshanba kuni 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun sun’iy intellektga asoslangan chat-bot funksiyalariga ega o‘yinchoqlarni ishlab chiqarish va sotishni to‘rt yilga taqiqlovchi qonun loyihasini taqdim etdi.

Tashabbus tartibga soluvchi organlarga sun’iy intellekt bilan o‘zaro aloqada bo‘lgan bolalarning xavfsizligini ta’minlaydigan qoidalarni ishlab chiqish uchun vaqt berishga qaratilgan.

“Chat-botlar va boshqa sun’iy intellekt vositalari kelajakda kundalik hayotimizning bir qismiga aylanishi mumkin, ammo bugungi kunda ular bolalar uchun hal qiluvchi harakatlarni talab qiladigan potensial tahdiddir”, — deya ta’kidladi Padilya.

Uning ta’kidlashicha, bunday texnologiyalarga nisbatan xavfsizlik me’yorlarimiz faqat boshlang‘ich bosqichda va texnologiyalar kabi tez rivojlanishi kerak.

Chat-bot o‘rnatilgan o‘yinchoqlarni vaqtincha taqiqlash zarur standartlar va xavfsizlik chegaralarini yaratishga imkon beradi.

SB 867 qonun loyihasi sobiq prezident Trampning federal agentliklarga shtatlarning sun’iy intellekt to‘g‘risidagi qonunlariga qarshi chiqish majburiyatini yuklovchi farmoni asosida ishlab chiqilgan.

Biroq bolalarni himoya qilish bilan bog‘liq qoidalarni bevosita istisno etadi. Tashabbus, shuningdek, bolalar va chat-botlar bilan bog‘liq bir qator tashvishli hodisalardan so‘ng paydo bo‘ldi.

NBC News xabariga ko‘ra, Xitoyning Miriat kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Miiloo o‘yinchog‘i ba’zida Xitoy Kommunistik partiyasining qadriyatlariga mos keladigan bilimlarni namoyon etgan.

OpenAI va Barbie qo‘g‘irchoqlarini ishlab chiqaruvchi Mattel kompaniyalari 2025-yilda “sun'iy intellekt bilan jihozlangan mahsulot"ni chiqarishni rejalashtirgan edi, ammo uning taqdimoti kechiktirildi.

Kechikishning rasmiy sabablari ma’lum qilinmagan va o‘yinchoqning 2026-yilda bozorga chiqishi yoki chiqmasligi hozircha noma’lum qolmoqda.


Avvalroq Rossiyada SI mutaxassislari tanqisligi tobora kuchayib borayotgani haqida xabar berilgandi.

2025-yilda Rossiya iqtisodiyotining sun’iy intellekt mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyoji 2024-yilga nisbatan taxminan 18% ga oshgan.