Berkshire Hathaway kompaniyasi yangi bosh direktor Greg Abelning yillik maoshini $25 mlngacha oshirganini e’lon qildi. Bu haqd Reuters nashri xabar berdi.
Bu undan oldingi Uorren Baffet 40 yildan ortiq vaqt mobaynida olgan $100 minglik yillik maoshdan sezilarli darajada yuqori.
63 yoshli Abel kompaniyaning sug‘urta qilinmagan biznes yo‘nalishlari uchun mas’ul bo‘lgan vitse-prezident lavozimida sakkiz yil ishlaganidan so‘ng 1-yanvar kuni bosh direktor bo‘ldi.
Uning mukofoti asta-sekin o‘sib bordi: 2022-yilda $16 mln va $3 mln bonus, 2023-yilda $20 mln va 2024-yilda $21 mln.
Berkshire sug‘urta biznesini nazorat qiluvchi vitse-prezident Adjit Jeyn 2022−2024-yillarda shunga o‘xshash miqdorda maosh olgan. Abel va Jeynning 2025-yil uchun to‘lovlari miqdori hozircha oshkor etilmagan.
Maoshdan tashqari, Abel Berkshirening taxminan $171 mln qiymatidagi aksiyalariga egalik qiladi. U 2022-yilda kompaniyaning energetika bo‘limidagi o‘ziga tegishli 1%lik ulushni $870 mlnga sotgan.
Joriy yilning 1-yanvar kuni Uorren Baffet Berkshire Hathaway bosh direktori lavozimini tark etdi.
Baffett $208 mlrdlik aksiyalarni tarqatgan va farzandlariga kelajakda qolgan deyarli barcha aktivlarni xayriya qilishni topshirgan.
U lavozimini tark etganiga qaramay, 95 yoshida direktorlar kengashi raisi lavozimini saqlab qoladi va kompaniyaning Omahadagi bosh qarorgohiga tashrif buyurishda davom etadi.
95 yoshli Buffett oltmish yildan ortiq vaqt davomida Nebraska shtatining Omaha shahridagi kompaniyani boshqarib, uni $1 trlndan ortiq aylanmaga ega konglomeratga aylantirdi.
Kompaniya 200 ga yaqin korxonalarga, jumladan Geico sug‘urta kompaniyasi, BNSF temir yo‘l giganti, energetika, ishlab chiqarish va chakana aktivlarga ega bo‘ldi.
2025-yilning may oyida milliarder Uorren Baffet yil oxirigacha Berkshire Hathaway xolding kompaniyasi rahbari lavozimini tark etishi haqida ma’lum qilingandi
Aksiyadorlarning yillik yig‘ilishida Baffet Berkshire Hathaway vitse-prezidenti Greg Abel uning o‘rnini egallashini e’lon qildi.
Avvalroq Coca-Cola bosh direktori lavozimidan ketayotgani haqida xabar berilgandi.
Kompaniyani 2017-yildan boshqarib kelayotgan Jeyms Kuinsining o‘rniga bosh operatsion direktor Enrike Braun tayinlanadi.
