ChatGPT chat-botiga sog‘liq haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ChatGPT Health bo‘limi qo‘shildi. Bu haqda OpenAI kompaniyasi ma’lum qildi.
Yangi bo‘lim faqat foydalanuvchilarning sog‘lig‘i bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish uchun mo‘ljallangan. Ishlab chiquvchilarning so‘zlariga ko‘ra, u “foydalanuvchining sog‘lig‘i va ChatGPT intellekti haqidagi ma’lumotlarni birlashtiradi”.
OpenAI ma’lumotlariga ko‘ra, har hafta 230 mlndan ortiq odam tibbiy muammolar bo‘yicha so‘rov yuboradi. ChatGPT Health ishga tushirilishi ular uchun xavfsiz va qulay muhitni ta’minlashga qaratilgan.
Yangi bo‘lim orqali kasallik tarixini kuzatish, tahlil natijalarini o‘rganish yoki shifokor qabuliga tayyorgarlik ko‘rish mumkin. Bot mashg‘ulotlarni rejalashtirish, parhez tanlash va tibbiy sug‘urta turini aniqlashda maslahatlar beradi.
ChatGPT foydalanuvchilari Apple Health, MyFitnessPal va boshqa salomatlik hamda farovonlik xizmatlarini yangi bo‘limga ulash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
AQSHda yashovchi foydalanuvchilar esa o‘z so‘rovlariga shaxsiylashtirilgan va aniqroq javoblar olish uchun tibbiy kartalariga neyron tarmog‘ining kirishiga ruxsat bera oladilar.
ChatGPT Health uchun kuchaytirilgan maxfiylik va axborot muhofazasi choralari qo‘llaniladi. Ma’lumotlar chatlardan tashqariga uzatilmaydi yoki OpenAI asosiy modellarini o‘qitishda ishlatilmaydi — ma’lumotlar faqat bo‘lim ichida qoladi.
“ChatGPT Health tibbiy yordamni almashtirish uchun emas, balki qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan. U tashxis qo‘yish yoki davolash uchun mo‘ljallanmagan. Buning o‘rniga [servis] kundalik masalalarni tushunishga va qonuniyatlarni nafaqat kasallik paytida tushunishga yordam beradi — shunda siz o‘zingizni yanada xabardor va muhim tibbiy suhbatlarga tayyor his qilasiz”, — deya ta’kidladi kompaniya.
Agar odamlar Salomatlik bo‘limidan tashqarida sog‘liq haqida gaplasha boshlasa, chatbot ularni muloyimlik bilan ushbu bo‘limga o‘tishga taklif qiladi.
Hozircha ChatGPT Health beta versiyasidan faqat kutish ro‘yxatidagi foydalanuvchilargina foydalana oladi. “Yaqin kelajakda” esa bu bo‘limdan ChatGPT’ning veb-versiyasi va iOS’dagi barcha foydalanuvchilari foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi rejalashtirilmoqda.
Avvalroq OpenAI o‘z joniga qasd qilgan o‘smir ishi bo‘yicha da’voga javob berib, ChatGPT aybdor emasligi haqida xabar bergandi.
OpenAI o‘z saytida bayonot e’lon qilib, oilaga hamdardlik bildirdi, biroq sud “to‘liq manzarani”, jumladan o‘smirning ruhiy holati va hayotiy sharoitlarini ham ko‘rib chiqishi kerakligini qayd etdi.
