Markaziy bank Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida dekabr oyi bo‘yicha inflyatsiya ko‘rsatkichlari infografikasini e’lon qildi.

Dekabr oyida iste‘mol narxlarining o‘sishi biroz tezlashib, 0,9% ga yetdi. Shu bilan birga, oylik inflyatsiya 2024-yil dekabrga nisbatan 0,1% ga pasaydi, yillik inflyatsiya esa 7,3% ni tashkil etdi — bu o‘tgan yilgidan chorak qismga past.

Iste’mol savatidagi umumiy 170 ta oziq-ovqat mahsulotidan 148 tasi (87%i) ning yillik narxi 10% dan kamroqqa oshdi.

Limon eng qimmatlashgan (+96,3) mahsulot sifatida yetakchilikni saqlab qoldi. Keyingi o‘rinlarda karam (+31,8%), qo‘y go‘shti (+26,8%) hamda mol go‘shti (+25%) turibdi.

Yillik hisobda qovoq (-57,7%), tarvuz (-29,9%), shaftoli (-24,1%), sarimsoq (-20,5%), guruch (-17,7%), bulg‘or qalampiri (-14,9%), qovun (-14,7%) va tuxum (-14,6%) narxi eng ko‘p pasaydi.

Iste’mol savatidagi 250 ta nooziq-ovqat mahsulotlaridan 98% ining (244 tasi) yillik narx o‘sishi 10% dan past bo‘ldi.

Eng yuqori narx o‘sishi metanda (+29,9%) kuzatildi. Undan keyingi o‘rinda esa, oldingi oylarda yetakchi bo‘lgan nikoh uzugi eng ko‘p qimmatlashdi (+28,7). Shuningdek, gazeta va jurnal (+15,3%), benzin (+11,9%), sement (+10,8%) hamda sigaret (+8,2%) narxi yuqori bo‘ldi.

Arzonlashgan mahsulotlar qatorida propan (-10,6%), yirik oshxona priborlari (-3,4%), shprits (-1,3%) konditsioner (-1,1%) hamda ovoz va tasvirlarni aks ettiruvchi uskunalar (-1%) bor.

Yengil avtomobillarning yillik narxi o‘zgarishsiz qolmoqda. Biroq o‘g‘il bolalar paypog‘i (+1%), mix va shurp (+0,9%), ayollar shubasi (+0,7%) hamda choynak (+0,4%) narxi biroz ko‘tarilgan.

Bundan tashqari, 90 turdagi xizmatlardan 66 tasi yoki 73% ida yillik narx o‘sishi 10% dan past bo‘ldi. Haydovchilik kurslari (+59%) eng ko‘p qimmatlashgan xizmatlar qatorida yetakchilik qildi.

Keyingi o‘rinlarda ichki aviaqatnovlar (+56,9%), tarmoq gaz (+39,2%), sovuq suv (+35,1%), muzey xizmatlari (+32,7%), chiqindi tashish (+32,5%) hamda suyultirilgan gaz (+25%) narxlari yuqori oshdi.

Shu bilan birga, eng yuqori narxlar shahar avtobusida yo‘l haqi (+21,1%), davlat bog‘chasi (+21), elektr energiyasi (+18,8%) hamda kuryerlik (+18,3%) xizmatlarida kuzatildi.

Yil davomida pul o‘tkazmalari (-6,1%) hamda mikromoliya xizmatlari (-0,02%) narxi arzonlashdi. Telefon abonent to‘lovi, mobil internet, davlat OTMlarida o‘qish va sug‘urtalash xizmatlarida narxlar o‘zgarishsiz qoldi.

Xususiy ta’lim (+0,2%) va hayvonot bog‘i (+1%) da narxlar biroz qimmatlashgan bo‘lsa, kvartira ijarasi (+2,6%), maishiy priborlar ijarasi (+3%), diniy xizmatlar (+3,7) hamda simli internet (+4%) narxlari sezilarli oshdi.

Avvalroq so‘m mustahkamlanishi fonida uy-joylar narxi dollarda tezroq o‘sgani haqida xabar berilgandi. Dastlabki 9 oyda ko‘chmas mulk bitimlari 12,8% ga oshib, ayrim hududlarda bozor faolligi o‘rtacha darajadan yuqori bo‘ldi.