Noyabr oyida O‘zbekiston dunyodagi eng yirik oltin xaridorlari uchligiga kirdi, deyiladi Jahon oltin kengashi (World Gold Council) hisobotida.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi va ochiq manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyida markaziy banklar tomonidan sof oltin sotib olish 45 tonnani tashkil etdi. Qimmatbaho metallga bo‘lgan barqaror talab rivojlanayotgan mamlakatlar markaziy banklarining faolligini qo‘llab-quvvatladi.
Eng yirik xaridor Polsha Markaziy banki bo‘ldi, u ketma-ket ikkinchi oy 12 tonna xaridni davom ettirdi. Keyingi o‘rinlarda Braziliya (11 tonna), O‘zbekiston (10 tonna) va Qozog‘iston (8 tonna) regulyatorlari joylashdi. Bundan tashqari, Chexiya, Xitoy va Indoneziya kichik hajmda sotib olgan.
O‘z navbatida, faqat Iordaniya (2 tonna) va Qatar (1 tonna) markaziy banklari oltinning sof sotuvchilariga aylandi.
O‘zbekiston yil boshidan buyon Singapur va Rossiyadan keyin qimmatbaho metallar bo‘yicha dunyodagi eng yirik sotuvchilar uchligiga kirdi. Asosiy xaridorlar — Polsha, Qozog‘iston va Braziliya.

Noyabr oyida O‘zbekiston oltin eksportini butunlay to‘xtatdi. Bu o‘tgan yilning Markaziy bank qimmatbaho metalni sotmagan to‘rtinchi oyi bo‘ldi. 2025-yilning 11 oyi mobaynida oltin eksporti $9,9 mlrddan oshib, o‘tgan yilga nisbatan 49,4%lik o‘sishni qayd etdi.
O‘tgan yilning 1-dekabr holatiga ko‘ra, xalqaro zaxiralar $61,23 mlrdga yetib, bir oy ichida $1,89 mlrdga (3,2% ga) ko‘paydi. Bu ketma-ket beshinchi oylik o‘sish hisoblanadi. Yil boshidan beri ular 48,49% ga oshgan.
Oltin zaxirasi tarixiy yuqori ko‘rsatkichni qayd etib, $50,85 mlrdga yetdi. Qimmatbaho metallning qiymati $3,01 mlrdga, fizik hajmi esa 12,2 mln unsiyagacha (bir oyda 0,3 mln unsiyaga) ko‘paydi.
Avvalroq Markaziy bank oltin quymalarini qaytarib sotib olish narxlarini e’lon qila boshlagani haqida xabar berilgandi.
